Urganch tumani

Urganch tumani – Xorazm viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Shovot tumaniga qo’shilgan, 1964 yil 31 dekabrda qayta tashkil etilgan. Sharqdan Xonqa, g’arbdan Qo’shko’pir, Shovot va Yangibozor tumanlari, shimoldan Gurlan tumani va Qoraqalpog’iston Respublikasi, Janubdan Xiva, Yangiariq tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,46 ming km2. Aholisi 141,1 ming kishi (2004). Tumanda 1 shaharcha (Chalish), 10 qishloq fuqarolar yig’ini (Bekobod, Chakkasholikor, Chandirqiyot, Chatko’pir, Yuqoribog’, Yuqorido’rman, Qoramon, qorovul, g’alaba, G’oybu) bor. Tuman markazi — qorovul qishlog’i. Tabiati. Tuman relefi pasttekislikdan iborat, balandligi 100 metr. Tuprog’i qumloq, bo’zallyuvial, Amudaryo oqiziqlaridan tarkib topgan. Daryo bo’yidagi to’qay va qumliklarda jiyda, turangil, tol, saksovul, yulg’un, yantoq, qamish, otquloq, olapo’ta, oqbosh, sho’ra, ajriq o’sadi. To’qay va changalzorlarda quyon, chiyabo’ri, qumliklarda yumronqoziq, kaltakesak; qushlardan chumchuq, to’rg’ay, qarg’a, boyo’g’li, kaptar, musicha va boshqalar bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvar oyining o’rtacha temperaturasi -4°, -5°, eng past temperatura -25°. Iyul oyining o’rtacha temperaturasi 26°, 28°. Eng yuqori temperatura 44°. Yillik yog’in 80-90 mm. Vegetatsiya davri 200-210 kun. Dehqonchilik sug’oriladigan yerlarda amalga oshiriladi. Yer osti suvlari yuza, yerlarni tez-tez sho’r bosib turadi. Ekin maydonlari Amudaryo va tuman hududi orqali o’tkazilgan G’ozovot, Shovot, Qulobod, Qirg’izyop, O’risyop, Do’rman va boshqa kanallaridan sug’oriladi. G’ozovot— Davdon, Yangibozor kollektorlari bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar (92%), shuningdek, qozoq, rus, koreys, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 306,8 kishi. Shahar aholisi 5,6 ming kishi, qishloq aholisi 135,5 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash zavodi, 12 kichik g’isht zavodi, «Xorazm— nurtop» ip gazlama korxonasi, sut va uzumni qayta ishlash tsexlari, 5 qurilish tashkiloti, parrandachilik fabrikasi mavjud. Qishloq xo’jalik, asosan, dehqonchilikka ixtisoslashgan. Tuman yer maydoni 26,8 ming gektarni tashkil etadi. Shundan 25,8 ming gektar yer sug’oriladi va haydaladi. 11 ming gektar yerga paxta, 5,9 ming gektar yerga g’alla, 3,3 ming gektar yerga sholi, 835 gektar yerga poliz va sabzavot ekinlari ekiladi. Qolgan maydonlarda makkajo’xori, oq jo’xori va chorva uchun ozuqabop ekinlar yetishtiriladi. 1380 gektar yer bog’ va tokzorlar bilan band. Bog’larda o’rik, olma, anjir, nok, nashvati, shaftoli, uzum, anor, olxo’ri va boshqa mevali daraxtlar o’stiriladi. Urganch tumanida 14 jamoa va shirkat xo’jaliklari, 831 fermer va dehqon xo’jaliklari mavjud. 3 xo’jalik fermer uyushmasiga aylantirilgan. Tumandagi jamoa va xususiy xo’jaliklarda 73,2 ming qoramol, 32,2 ming qo’y va echki, 240,4 ming parranda boqiladi. Pilla ham yetishtiriladi. Tuman hududidan xalqaro avtomobil yo’li va Toshkent— Shovot temir yo’l o’tgan (uzunligi 40 kilometr). 2003/04 o’quv yilidagi 44 umumiy ta’lim maktabida 30 mingga yaqin o’quvchisi ta’lim oldi. 3 kasb-hunar kolleji, musiqa, sport maktablari, 1 Markaziy va 39 tarmoq kutubxonasi, 2 stadion, 40 sport maydonchasi, kasalxona (305 o’rin), 12 qishloq vrachlik punkti, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 poliklinika, «Jayxun» sanatoriysi ishlab turibdi. 1958 yildan «Urganch haqiqati» tuman gazetasi chop etiladi (adadi 1000).