Mavlonova Oysha

Mavlonova Oysha (1922.7.2, Turkiston — 1991.1.12, Samarqand) — opera xonandasi (messosoprano) va aktrisa. O’zbekiston xalq artisti (1974). H. Nosirovaning izdoshi. Jizzax kolxoz—sovxoz teatri (1939-46), Samarqanddagi H. Olimjon nomidagi teatr (1946-64), Samarqand opera va balet teatri (1964-77) da aktrisa va xonanda. Sahnaviy iste’dod va keng diapazonli ovozga ega bo’lgan. Mavlonova «Gulsara» (R. Glier, T. Sodiqov), «Nurxon» (T. Jalilov), «Nodira» (K. Jabborov, S. Hayitboev), «Suymaganga suykanma» (S. Xo’janiyozov), «Oltin ko’l» (M. Leviev), «oshik g’arib» (K. Otaniyozov va M.Yusupov) kabi musiqali dramalarda, «Farhod va Shirin» (V. Uspenskiy va G. Mushel), «Maysaraning ishi» (S. Yudakov), «Hamza» (S. Boboyev) va boshqa operalarda bosh partiyalarni ijro etgan. Mavlonova o’z qahramonlarining ruhiy holati, ichki dunyosini psixologik teranlik va izchillikda mohirona talqin etgan. Kontsert repertuaridan, «Munojot», «Chorgoh» va boshqa mumtoz ashulalar o’rin olgan.