Uretan kauchuklar

Uretan kauchuklar – sintetik kauchuklar, diizosianatlar bilan oddiy yoki murakkab efirlarning o’zaro ta’sirida hosil bo’ladigan mahsulotlar. Uretan kauchuklar sintezida boshlang’ich monomer sifatida adipin kislota va boshqa dikarbon kislotalar, dietilenglikol va boshqa glikollar, toluilendiizonatlar va boshqa izosianatlar ishlatiladi. Uretan kauchuklar 3 xilga bo’linadi: 1) quyma Uretan kauchuklar — sintez jarayonida vulkanizatsiya to’ri hosil qiladigan kauchuklar; 2) valiklanadigan Uretan kauchuklar. — rezina ishlab chiqarishda oddiy texnologiya bo’yicha qayta ishlanadigan kauchuklar; 3) termoplastlar — plastmassa ishlab chiqarish texnologiyasi bo’yicha qayta ishlanadigan kauchuklar. Uretan kauchuklar zichligi 1210-1250 kg/m3. Uretan kauchuklar asosidagi rezinaning muhim xossalari: yeyilishga, o’ta chidamli (bu ko’rsatkich bo’yicha Uretan kauchuklar boshqa barcha kauchuklardan ustun turadi), cho’zilishga yuqori mustahkam (30-50 MPa), elastik (nisbiy uzayishi 400— 700%), moylar va yonilg’ilarda bo’kmaydi, atmosfera va radiasiyaga chidamli, gaz utkazuvchanligi past va boshqalar. Kamchiliklari — sovuqqa va issiqqa (qo’llanish tra oralig’i — 35 dan 100° gacha, qisqa muddat 130° gacha), suv, kislota va ishqorlar ta’siriga chidamsiz. Uretan kauchuklardan poyabzal poshnalari va tagliklari, ulkan avtoshinalar, kabellar uchun qoplamalar, moy va benzinga chidamli zichlagichlar, radiatsiya va boshqalardan himoyalovchi kostyumlar tayyorlanadi.