Ulyanovsk viloyati

Ulyanovsk viloyati – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1943 yil 19 yanvarda tashkil qilingan. Rossiya Yevropa qismining Janubi sharqida joylashgan. Maydoni 37,3 ming km2. Aholisi 1382,3 ming kishi (2002), asosan, ruslar (73%), shuningdek, tatar, chuvash, mordva, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Viloyat tarkibida 21 ma’muriy tuman, 6 shahar, 33 shaharcha bor. Shahar aholisi 73%. Viloyat markazi — Ulyanovsk shahri. Ulyanovsk viloyati hududining 3/4 ga yaqin qismi Volga bo’yi qirlarining sharqida joylashgan. Volga daryosi Ulyanovsk viloyati hududini o’ng va chap (Zavolje) sohillarga bo’ladi. Zavolje sohili qismi bir oz qiya tekislik. O’ng sohilda Volga bo’yi qirlari (balandligi 363 metrgacha) joylashgan. Foydali qazilmalari: kvars, kumush, diatomitlar, qurilish materiallari xom ashyosi, neft, tabiiy gaz, yonuvchi slaneslar, torf, fosforitlar. Undori mineral suvi bor. Iqlimi mo»tadil kontinental, yanvarning o’rtacha temperaturasi -13°, iyulniki 19°. Yiliga 400 millimetrga yaqin yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri 174 kun. Asosiy daryolari — Volga va uning irmoqlari (sura, Sviyaga, katta Cheremshan va boshqalar); Kuybishev suv ombori, kichik ko’llar bor. Viloyat o’rmonli dasht va keng bargli o’rmonlar (asosan, shimoliy g’arbi) zonasida, joylashgan. Zavoljeda qarag’ayzorlar saqlangan. O’rmonlar viloyat hududining 25% ni egallaydi. Katta maydon unumdor qoratuproqlar bilan qoplangan. Yovvoyi hayvonlardan Los, suvsar, tiyin, oq tovushqon, suv parrandalari va botqoqqirg’oq qushlari yashaydi. Kuybishev suv omborida baliq ovlanadi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (Ulyanovsk viloyatida Rossiya avtobuslarining 64%, yuk avtomobillarining 6%, shuningdek, samolyotlar, stanoklar, kimyo sanoati uchun jihozlar, qishloq xo’jalik mashinalari, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqariladi). Yengil (jun va zigir gazlamalar, paypoq) va oziq-ovqat (un, yorma va boshqalar) sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari, tsement, termoizolyasiya ishlab chiqarish, yog’ochsozlik sanoati korxonalari bor. Eng yirik korxonalari: «Ulyanovskiy avtozavod», «Voljskie motori», «Avtodetalservis», «Aviastar», mexanika mashinasozlik zavodlari, Dimitrovgrad agregat zavodi. Asosiy sanoat markazlari Ulyanovsk, Dimitrovgrad. Qishloq xo’jalikning yetakchi tarmog’i sut-go’sht yo’nalishidagi chorvachilik. Qoramol, cho’chqa, qo’y boqiladi. Asalarichilik rivojlangan. Bug’doy, arpa, grechixa, texnika ekinlaridan kungaboqar va qand lavlagi, shuningdek, kartoshka, sabzavot ekinlari va boshqalar ekiladi. Temir yo’llar uzunligi 709 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 4615 kilometr, Volgada kemalar qatnaydi. Havo transporti viloyatni Rossiya Federatsiyasining ko’pchilik rayonlari bilan bog’laydi. 2 xalqaro aeroporti (shu jumladan, Ulyanovskvostochniy) bor. 46 sanatoriykurort muassasasi faoliyat ko’rsatadi.