Ulus

Ulus (mo’g’ulcha — davlat, xalq, odamlar) — 1) mo’g’ullar davlati shakllanish davri (13-asr boshi)da muayyan bir no’yota tobe bo’lib, unga qarashli yerlarda ko’chmanchilik bilan hayot kechiruvchi katta-kichik oilalar guruhi; 2) Chingizxon tuzgan ilk mo’g’ul davlati; 3) mo’g’ullar istilosi davrida bosib olingan hududlardan Chingizxon farzandlariga bo’lib berilgan mulk (udel) lar (masalan, Jo’ji ulusi, Chig’atoy ulusi va boshqalar). 13-asrning 2-yarmida bu Uluslar mustaqil davlatlarga aylanib, nomigagina saltanat hukmdori — ulug’ qoonga bo’ysunganlar. 15— 17-asr oxirlarida Ulus — Mo’g’ulistondagi yirik yer mulki va musulmon adabiyotida Chingiziylar davlatlarining atalishi. Mo’g’uliston manjurlar tomonidan bosib olingach, mamlakat aymoklar va xoshunlarga ajratilgan. «Ulus» atamasi mulk ma’nosida qo’llanilmaydigan bo’lgan va asta-sekin «xalq» ma’nosini anglata boshlagan. Hozirgi vaqtda «Ulus» atamasi «davlat» atamasining sinonimi sifatida ishlatiladi; 4) buryatlar va kalmiklar Rossiya tarkibiga kiritilgandan so’ng «Ulus» atamasi Oktabr to’ntarishigacha feodal mulk, so’ngra ma’muriy birlik ma’nosini saqlab qolgan.