Lusk

Lusk — Ukrainadagi shahar, Volin viloyati markazi. Stir daryosi (Pripyatning o’ng irmog’i)ning ikkala sohilida joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi, avtomobil yo’llar tuguni. Pristan, aeroport bor. Aholisi 218 ming kishi (1997). Mashinasozlik va metallsozlik (avtomobil zavodi, podshipnik va boshqalar ishlab chiqarish zavodlari), priborsozlik (priborsozlik va elektr apparatlari zavodlari), yengil (tikuvchilik va poyabzal fabrikalari), oziq-ovqat (spirt-araq kombinatlari, qand-shakar, un, meva-konserva zavodlari), kimyo sanoatlari rivojlangan. Pedagogika instituti, musiqali drama teatri, badiiy va o’lkashunoslik muzeylari, Filarmoniya va boshqalar bor. Ilk bor 1085 yilda Ipatiy solnomasida tilga olingan. 14-asrdan Litva va Polsha, 1795-1917 yillarda Rossiya imperiyasi, 1921 yildan Polsha, 1939 yildan Ukraina tarkibida. 1970 yildan tarixiy-me’moriy qo’riqxona deb e’lon qilingan. Uning tarkibiga Yuqori (13-16-a.lar) va quyi (14— 17-asrlar) saroylar qoldiqlari, «Puzina uyi» (14-asr), iezuitlar kollegiumi, Pyotr va Pavel kostyoli (17-asr), Pokrov va krestovozdvijenskaya cherkovlari (17-asr) kiradi.