Lok

Lok (nemischa Lack), lak — sirtga surtilganda qotib, yaltiroq qattiq parda hosil qiluvchi organik moddalar aralashmasi, suyuqliklar. Tarkibida parda hosil qiluvchi va erituvchi mod- dalardan tashqari, ko’pincha, plastifikatorlar, katalizatorlar va parda hosil bo’lishini tezlatadigan moddalar (metall tuzlari, organik peroksidlar) bor. Lok sifati uning rangi, tozaligi, yopishqoqligi, parda hosil qiluvchi (uchmaydigan) moddalar miqdoriga, qurish tezligiga, hosil bo’lgan pardaning yaltiroqligi, qattiqligi, elastikligi, cho’ziluvchanligiga, shuningdek, ishqalanishga, zarbaga, atmosfera va agressiv muhit ta’siriga chidamliligi, suv va gaz o’tkazmasligiga qarab belgilanadi. Elektroizolyasion Lok pardasi teshuvchi kuchlanishga, solishtirma va hajmiy qarshiligiga, solishtirma sirt qarshiligi va dielektrik sarf (yo’qotish) miqdoriga qarab ham baholanadi. Sirtga Lok chutka, jo’va bilan surkaladi, purkaladi yoki bo’yaladigan buyum Lokga botiriladi, ba’zan Lok buyumga quyiladi. Lokning xususiyati va buyumlarning turiga qarab bo’yashning ma’qul usuli tanlanadi. Lok parda hosil qiluvchi moddaning kimyoviy tabiatiga ko’ra, 3 ga bo’linadi: moyli Lok, smolali Lok, efirosellyulozal. Moyli loklar—o’simlik yog’lari va tabiiy yoki sintetik smolalar aralashmasi bo’lib, ularni turli usullar bilan surtish mumkin. Moyli Lokni olish 4 bosqich (moyni tayyorlash; smolani eritish, Lok asosini olish va unga erituvchi qo’shish; tsentrifugalash va tindirish) dan iborat. Asosan, elektroizolyatsion va himoya qoplamalar hosil qilish uchun tunukani bo’yashda (konserva bankasi yasash uchun) ishlatiladi. Smolali loklar — tabiiy yoki sintetik smolalar- ning uchuvchan erituvchilardagi eritmasi. Smolali Lokning ko’pchiligida erituvchi sifatida spirt ishlatiladi. Hozir sintetik (ayniqsa, vinil) polimerlar va sopolimerlar asosida perxlorvinil, poliefir, poliefirakrilat, poliuretan, epoksid, melaminfor-maldegid va mochevina-formaldegid, divinilasetilen va kremniyorganik Lok ko’plab ishlab chiqarilmoqda. Ular issiq va sovuqqa, kimyoviy ta’sirlarga, agressiv muhitga chidamli bo’lgani uchun samolyotlar, avtomobillar, kimyoviy jihozlar, yog’och, rezina, teri, plastmassalar, sintetik gazlamalar, mis simlar, metallar sirtlarini, shisha, keramika va boshqa buyumlarni bo’yash uchun ishlatiladi. Efirosellyuloza loklar — efir tsellyulozasining uchuvchan erituvchilar bilan hosil qilgan eritmasi. Tarkibida smola va plastifikatorlar ham mavjud. Ular, odatda, materiallarga purkaladi; xona temperaturasida tez quriydi. Yog’och va metall buyumlar, teri, qog’oz va gazlamalarni bo’yashda, shuningdek, emal bo’yoqlar tayyorlashda ishlatiladi. Stalina Qosimova.