Lukian

Lukian (Lukianos) (taxminan 120, Suriya — 180, Misr) — qadimgi yunon hajviyanavis yozuvchisi. O’zining eng yaxshi asarlarini 165-180 yillarda Afinada yozgan. 80 ga yaqin asari hozirgacha yetib kelgan. Asarlari ravon, tushunarli, ommabop tilda yozilgan hajviy dialog janrida bo’lib, Lukian ularda afsonaviy voqea-hodisalar misolida quldorlik tuzumi illatlari, xurofot va bid’at ustidan kuladi. Shuning uchun ham uning nomi antik dunyoda ko’p tilga olinmagan. «Ziyofat», «Xusolar suhbati», «Menipp», «Germotim», «Prometey yoki Kavkaz» va boshqa hajviy dialoglari, «oyga sayyohat» fantastik asari, «tarixni qanday yozish to’g’risida» risolasi mashhur. Lukian ijodining Vizantiya hajvchilari, keyinchalik Uyg’onish va ma’rifatparvarlik davri namoyandalari ijodiga, umuman G’arbiy Yevropa adabiyotiga ta’siri kuchli bo’lgan.