Lapar
Lapar — musiqiy folklor janri; voqeabandligi va kuy tuzilishi jihatidan uncha murakkab bo’lmagan, tor diapazonli, naqarotsiz, cholg’u jo’rligisiz aytiladigan qo’shiqlarga yaqin. Ikki turi mavjud: 1) to’y marosimi, xalq sayili, hashar kabi yiginlarda yigit va qizlar tomonidan tarafma-taraf bo’lib dialog shaklida ijro etiladigan Lapar. Bunda davradagi qizlar navbatma-navbat xohlaganiga «Lapar soladi», bunga yigit javob qaytarishi kerak. Mos javob qaytarilsa, dastro’mol, belbog’ kabi sovg’alar beriladi. Laparni maxsus laparchi ayollar boshqarib boradi. Marosim Laparlarning kuylari, ko’pincha, epik tusda, nutqdosh yoki kuychan ohanglarda bo’ladi. Bularda, asosan, yigit va qizning muhabbat kechinmalari, orzu-umidlari aks etadi, shuningdek, yengil hajv va yumor ham qo’shilib ketadi. To’rtlik shaklidagi termalardan iborat bo’lgan Laparning bu turi, asosan, Toshkent viloyati va Janubiy Qozog’iston o’zbeklari orasida keng tarqalgan; 2) o’yin Lapari. Xorazm xalfalari, Buxoro sozandalari orasida «labidan», «labi uchidan» aytiladigan, yengil xarakterdagi qo’shiqlarga nisbat berilgan. Odatda, ikki kishi galma-galdan raqs tushib ijro etadi. Kuylari yengil, o’ynoqi, jozibali bo’ladi. Yakka qo’shiqchi tomonidan cholg’u jo’rligida ham raqs bilan aytiladi. Xalq orasida «qora soch», «Oyijon», «Qilpillama», «bilak uzuk», «Nahoru nashta» kabi Laparlar ommalashib ketgan. Lapar ijrochilaridan Tamaraxonim, G. Otaboyeva va boshqalar mashhur. Xalq Laparlari o’zbek kompozitorlari tomonidan qayta ishlanib, xor, vokal-simfonik, Estrada musika asarlaridan keng o’rin olgan. Lapar, ba’zan, keng ma’noda, umuman qo’shiq tushunchasini ham ifodalaydi.