Laparoskopiya

Laparoskopiya (Yunoncha lapara — qorin va … skopiya), peritoneoskopiya, abdominoskopiya — qorin devorini teshib, unga kirgizilgan endoskop yordamida qorin bo’shlig’i va undagi a’zolarni tekshirish usuli. Birinchi bo’lib 1901 yil rus akusher-ginekologi D.O.Ott taklif qilgan. Keyinchalik optik asboblar—laparoskoplar paydo bo’la boshladi, ular takomillashtirilib, soch tolasidek nozik, egiluvchan xillari ishlab chiqarildi. Laparoskopning turli modellaridan [Maschida (AQSh), Olympus (Yaponiya), Karl-Storz (Germaniya)] tashxis qo’yish va davolash maqsadlarida foydalanilmoqda. Zamonaviy laparoskop va videolaparoskoplarda (ob’yktlarni televizor ekraniga chiqarib ko’rsatadi) qorin bo’shlig’i hamda kichik chanoq a’zolaridagi turli operasiya (appendektomiya, xolesistektomiya) larni bemalol bajarish mumkin. Buning uchun qorin bo’shlig’i keng ochilmaydi, balki 2 yoki 3 nuqtadan laparaskop asboblari kiritilib, ular orqali a’zoni ajratib olish, oqayotgan qon yoki boshqa biror suyuqlik (safro, yiring)ni so’rib olish, dorivor moddalar yuborish, shuningdek, optik moslama bilan qorin bo’shlig’ida bajarilayotgan muolajani teleekranga uzatish mumkin. Laparoskopik operatsiyadan so’ng bemorlarning shifoxonada yotish muddati 3-4 kunni tashkil etadi. Laparoskopiya aseptika qoidalariga bekamu kust amal qilgan holda mahalliy anesteziya qilib amalga oshiriladi. Tekshirilishi kerak bulgan soha yoki a’zoga qarab, Laparoskopiya uchun teshish joyi tanlanadi.