Lichinka
Lichinka (ruscha) — ko’pchilik umurtqasiz va ayrim umurtqali hayvonlar (baliqlar, suvda va kuruqlikda yashovchilar)ning individual rivojlanishidagi postembrional (tuxumdan chiqqandan keyingi) davri. Lichinka tuxumdagi zaxira oziq modda morfogenezning tugallanishi uchun etarli bo’lmagan hayvonlarga xos. Lichinka mustaqil hayot kechiradi, faol oziqlanadi, bir necha marta tullab, ya’ni qattiq po’stini tashlab (bo’g’imoyoqlilar va ayrim boshqa umurtqasizlar) o’sadi va rivojlanadi. Odatda, Lichinka voyaga yetgan davrda bo’lmaydigan bir qancha provizor organlarga ega bo’ladi yoki aksincha unda voyaga yetgan hayvonlar uchun xos bir qancha organlar bo’lmaydi. Lichinka davrining bo’lishi hayvonlar rivojlanishining turli davrlarida yashash tarzi yoki yashash muhitining o’zgarib turishi bilan ham bog’liq. O’troq yashaydigan yoki kam harakatlanadigan hayvonlarda Lichinka turning tarqalishini ta’minlaydi (masalan, g’ovaktanlilarning parenximulasi va amfiblastulasi, bo’shliqichlilarning planulasi, ko’p tukli halqalilar troxoforasi). Lichinka bilan voyaga yetgan organizm tuzilishida farq qancha katta bo’lsa, uning voyaga yetgan hayvonga aylanishi (metamorfoz) shuncha chuqur bo’ladi. Ayniqsa, nemertin, ninaterililar, hasharotlar va boshqa bir qancha umurtqasiz hayvonlarda metamor – foz juda chuqur o’zgarishlar orqali sodir bo’ladi. Masalan, to’liq o’zgarish orqali rivojlanadigan hasharotlarning g’umbak davrida lichinkalik organlarining deyarli barchasi batamom yemirilib, voyaga yetgan davrga xos organlar maxsus murtaklar — imaginal disklar hisobidan shakllanadi. Faol lichinkalik davr bir oydan (ikki qanotlilar, kapalaklar) bir necha yilgacha (may qo’ng’izi va boshqa plastinka mo’ylovlilar) davom etadi. Ambistomalar Lichinkasi (aksolotl) odatdagi sharoitda voyaga yetgan davrgacha rivojlanmasdan, Lichinka davrida ko’payish xususiyatiga ega. Ayrim hayvonlar Lichinkasi o’z ajdodlari tuzilishi belgilariga ega bo’ladi.