Lateks

Lateks (lotincha latex — suyuqlik, shira) — o’simliklarning sut-shirasi. Sut naylaridagi suyuqlik. Tiniq, sutsimon oq, sarg’ish-qo’ng’ir, sariq yoki to’q sariq bo’lishi mumkin. Murakkabguldoshlar, tutdoshlar, sutlamadoshlar va boshqalarda Lateks ko’p. Lateksda uglevodlar, oqsillar, glikozidlar, tuzlar, efir moylari va boshqa moddalar erigan yoki suspenziyalangan holda bo’ladi. Smolalar, Gutta, kauchuk, Guttaperchali daraxtlar, kauchukli o’simliklar Lateksining asosiy komponentlaridir. Lateksning tarkibi daraxt yoshi, iqlim sharoiti va yil fasliga bog’liq. Lateksda kauchuk manfiy zaryadlangan sharsimon, ba’zan noksimon donalar (globulalar) shaklida bo’ladi. Ularning kattaligi 0,1—6 MK. Yangi olingan Lateks ishqoriy xususiyatga ega; turib qolsa yoki unga kislota va tuzlar qo’shilsa, koagulyatsiyalanadi. Buning oldini olish uchun Lateksga 0,50—0,75% ammiak qo’shiladi. Tarkibidagi kauchuk mikdorini oshirish uchun Lateks tsentrifugalanib, quyultiriladi. Shunda kauchuk miqdori 60-75% ga yetadi. Sintetik Lateks sun’iy kauchuk dispersiyasi (qismi)ning suvda emulsion polimerlanishidan hosil bo’ladi. Sintetik Lateksda ham kauchuk globulalar shaklida, lekin ular 0,1 MK dan kichik bo’ladi. Tabiiy Lateksdan tabiiy kauchuk, sintetik Lateksdan sintetik kauchuk olinadi.