Laqab
Laqab — 1) shaxsning ko’rinishi, qilig’i, mashg’uloti yoki biror xususiyatiga qarab beriladigan ikkinchi nom. Masalan, Jo’ra Pason, Olim Tashvish, Zokir Sovuq, Abdulla xo’roz kabi nomlarning ikkinchi qismi Laqabdir. Odatda, Laqab ishlatilish o’rni va maqsadiga qarab ijobiy yoki salbiy ma’noga ega bo’ladi. Adabiy asarlarda badiiy vosita sifatida ham qo’llanadi. Yozuvchi va shoirning bundan maqsadi personaj yoki obrazning muayyan tomondan bo’rttirish, uning biron xususiyatini rivojlantirish, qaytariqlardan qochish va asar tilini rang-barang qilishdir. Laqabning ba’zilari adabiyotda umumlashib ketgan. Masalan, Majnun (telba) Qaysning, Ko’hkan (tog’qazar) Farhodning Laqabidir; 2) mumtoz adabiyot davrida taxallus ma’nosida qo’llangan so’z. Masalan, Navoiy asarlarida o’zi haqida «al-mulaqab bin-Navoiy» («Navoiy deb laqab olgan») deydi.