Liditse
Liditse (Lidice) — Kladno shahri (Chexiya)ning Janubi-sharqida joylashgan shaxtyorlarning tarixiy shaharchasi. 2-jahon urushi davrida nemis fashist bosqinchilari Liditse aholisini Chexoslovakiya protektori (homiysi) R. Geydrixga suiqasd uyushtirgan chexoslovak Vatanparvarlarini yashirganlikda ayblab, 1942 yil 10 iyunda Liditsega o’t qo’yib, uni yer bilan yakson qilganlar. 15 yoshdan oshgan barcha erkaklar otilgan, bolalar va ayollar konslagerlarga jo’natilgan. Liditse nomi Chexoslovakiyaning aholi punktlari ro’yxatidan o’chirib tashlangan. Chexoslovakiya bosqinchilardan ozod etilgach (1945), Liditse o’rnida muzey tashkil etilgan, unga yaqin joyda yangi Liditse shaharchasi qurilgan.