Libix qonuni, minimum qoidasi

Libix qonuni, minimum qoidasi — organizmlarning tarqalishi va miqdoriy rivojlanishida ekologik omillarning ahamiyatini belgilovchi tamoyillardan biri. Nemis kimyogari Yu. Libix (1803-73) tomonidan qishloq xo’jalik ekinlari uchun ishlab chiqilgan (1840). Yu. Libix ko’rsatishicha, minimum miqdorda bo’lgan modda hosildorlikni boshqarib, uning miqdori va doimiyligini belgilab beradi. Bunda tuproqda juda oz bo’ladigan va miqdori o’zgarib turadigan, ammo hayot uchun juda muhim bo’lgan moddalarning cheklovchi ta’siri nazarda tutiladi. Keyinchalik bu qoida kengroq talqin qilina boshlandi va boshqa omillar (masalan, harorat, yorug’lik, namlik va boshqalar)ga nisbatan ham qo’llanildi.