Lisenko Nikolay Vitalevich
Lisenko Nikolay Vitalevich [1842.10(22). 3, Poltava viloyati -1912. 24.10 (6.11), Kiyev] — ukrain kompozitori, pianinochi, dirijyor, folklorshunos, jamoat arbobi. Milliy kompozitorlik maktabi asoschisi. Kiyev universitetini tugatgan (1865), Leypsig konservatoriyasida ta’lim olgan (1867— 69). «Poltavalik Natalka» (1889), «Taras Bulba» (1890), «Eneida» (1910) asarlari Ukraina milliy operasining mumtoz namunalariga aylangan. Qo’shiq, xor va kamer asarlari, ayniqsa, T.Shevchenkoning «Kobzar»iga musiqalari mashhur. Lisenko bir necha folklor ekspeditsiyalarni uyushtirib ukrain, serb, xorvat, makedon va boshqa xalq qo’shiqlarini to’plagan, Chex, bolgar, turk xalq qo’shiqlarini qayta ishlagan, ukrain xalq musiqasi (shu jumladan, milliy musiqa cholg’ulari) haqida ilmiy asarlar yozgan. Xor dirijyori sifatida ukrain va boshqa slavyan xalq qo’shiqlarini, xor ijrochiligini targ’ib qilgan. Kiyevda musiqiy-dramatik maktabi (1904; 1918 yildan Lisenko nomidagi musiqiy-dramatik institut) ni tashkil qilgan. Urush yillari Muqimiy teatri ukrain akademik teatri bilan hamkorlikda Lisenkoning «Poltavalik Natalka» operasini sahnalashtirdi.