ABAKAN

ABAKAN – daryo, Yeniseyning chap irmog’i, RF Krasnoyarsk o’lkasida. G’arbiy Sayan va Oltoy tog’larining shimoliy yon bag’ridan boshlanadigan Katta Abakan va Kichik Abakan soylarining qo’shilishidan hosil bo’lib, Krasnoyarsk suv omboriga quyiladi. Uzunligi 514 kilometr. Havzasi 32000 km2. O’rtacha suv sarfi 381 m3/sek. Tog’lardan chiqqach, keng vodiyda ko’p tarmoqlarga bo’linib oqadi. Asosan, qor va yomg’irdan suv oladi. Noyabrning 2-yarmida muzlab, aprel oxirida muzdan bo’shaydi. Quyi qismida sekta 400 m3 suv oqadi. Yog’och oqiziladi. Minusinsk soyligi ekinzorlarini sug’oradi. Abakan bo’yida Abakan shahri bor.

Abakan (1925-31 yillarda Xakassk) – shahar, Krasnoyarsk o’lkasi tarkibidagi Xakasiya Respublikasining markazi, Abakan daryosi Yeniseyga quyiladigan joyga yaqin. Temir yo’l stansiyasi. Aholisi 158,2 ming kishi (1992). Yengil, oziq-ovqat, qurilish materiallari sanoati korxonalari, “Abakanvagonmash”, “Legmash” zavodlari, pedagogika institute, 2 teatr bor. 1823 yil Ust-Abakanskoye qishlog’i sifatida vujudga kelgan.