Abu Madyan (Bumedyen)
Abu Madyan (Bumedyen) – to’liq ismi Abu Madyan Shu’ayb ibn Husayn al-Ansoriy (taxminan 1126, Sevilya-1197, Tlemsen) shimoliy afrikalik mashhur sufiy. Andalusiyalik arablar oilasida tug’ilgan. Ota-onasi vafotidan so’ng akalari qo’lida cho’pon bo’lgan, to’q’uvchilik hunarini o’rgangan. Abu Madyan o’smirlik chog’ida Shimoliy Afrikaga o’tib, baliqchilik bilan shug’ullangan, jangchi ham bo’lgan. Fes shahrida Mag’ribning eng yirik shayxlari Ad-Daqqoq (vafoti 12-asr o’rtalari), Ali ibn Xirzixim (vafoti 1195) va Abu Ya’azza al-Xazmiriy (vafoti 1177) qo’lida saboq olayotgan chog’ida sufiylik xirqasini olgan. Fikxiy masalalarda molikiylar mazhabi tomonida bo’lgan. Haj safaridan qaytib kelgach, Bejaya (Buji)da yashagan, u yerda va’zlari va taqvodorligi bilan shuhrat qozongan. Uning atrofida ko’plab shogird va izdoshlari to’plangan. Shuhrati va ta’siri oshib borayotgani, Abu Madyanning ismidan mahdiylik harakati bayroq sifatida foydalanishi, bu esa hali mustahkam bo’lmagan Almohadlar (Al-Muvahhidun) hokimiyatiga xavf tug’dirishi mumkinligidan xavotirga tushgan Marokash hukmdori Abu Yusuf al-Mansur uni Marokashga keltirishga amr qilgan. Yo’lda keksayib qolgan sufiy og’ir xastalanib, Tlemsen shahri atrofidagi Ubbod degan joyda vafot etgan. Rivoyatlarga ko’ra, Abu Madyan o’z davrining G’avsul A’zami bo’lgan. Ubboddagi qabri atrofida zamonlar o’tishi bilan me’moriy majmua vujudga kelgan, u hozirda muqaddas ziyoratgoh sanaladi. Tlemsen shahri aholisi Abu Madyanni o’zlarining piri deb biladi.