Abu Muslim
Abu Muslim (laqabi; boshqa laqablari Abo Muslim, Abu Muslim Xurosoniy, Abu Muslim Marbaziy; asl ismi Abdurahmon) (taxminan 727, Isfahon-755, Madoyin) Xuroson va Movarounnahrda umaviylar sulolasiga qarshi harakat rahbari. Ba’zi manbalarga ko’ra, Abu Muslim abbosiylarning Kufadagi targ’ibotchilaridan Iso as-Sarrojning, boshqa manbalarga qaraganda, Isfagon viloyatida yashovchi yirik zamindor arabning quli bo’lgan. 738 yil xo’jayini Kufa qamoqxonasiga tashlangan paytda, Abu Muslim uning xizmatida bo’la turib As-Sarroj bilan tanishgan va uning topshiriqlarini bajargan. Keyinchalik abbosiylarning Xurosondagi targ’ibotchilari rahbari Abu Salamaga sotilgan (yoxud berilgan). 744 yil boshida u bilan birga Xurosoga kelgan. Alaviylardan Ibrohim ibn Muhammadga ma’qul kelgani tufayli unga tuhfa qilingan. Ibrohim uni ozod qilib, Abdurahmon deb ism qo’ygan va o’ziga yaqin tutgan. 747 yil martda Ibrohim Abu Muslimni umaviylarga qarshi tayyorlanayotgan harakatga rahbarlik qilish uchun Xurosonga o’zining shaxsiy vakili sifatida jo’natgan. May oyida u Marv vohasiga yetib kelib, bir oy ichida bir necha ming tarafdorlarini to’plagan. Qullarga ozodlik berilishini va’da qilgan. Xuroson noibi Nasr ibn Sayyor qo’shinlari ustidan g’alaba qilib, 748 yil boshida Marvni egallagan. Shu yerdan turib, Xuroson va Movarounnahrning egallanishiga rahbarlik qilgan. Marvda ko’pgina qurilish ishlarini olib borgan, ilk bor xutbani o’tirib emas, balki minbarda turib o’qigan. Abu Muslimning hukmronlik davri notinch bo’lgan: 750 yilda umaviylar o’rniga kelgan abbosiylar sulolasidan norozi bo’lgan Buxoro arablari qo’zg’olon ko’targan va Movarounnahrning ko’pgina hokimlari xalifalikdan ajralib chiqqan. Abu Muslim Samarqandgacha borib, uning istehkomlarini yangilagan va Movarounnahrga egalik qilish uchun kurash boshlagan. 751 yil iylda uning sarkardasi Ziyod ibn Solih Taroz yonida Xitoy qo’shinini tor-mor keltirgan va bu bilan abbosiylarning Sirdaryo ortidagi hududlariga egalik qilishini ta’minlagan. 752 boshida Abu Muslim Marvga qaytib kelgan. Biroq oz fursatdan so’ng Movarounnahr noibi etib tayinlangan Ziyod isyon ko’targan va Abu Muslim yana Amudaryoni kechib o’tishiga to’g’ri kelgan. Abu Muslim qudratining oshib borayotgani abbosiylarni xavotirga solgan va uni yo’qotish payiga tushishgan. 754 yil may-iyunda Abu Muslim hajga borish uchun Xurosonni tark etgan. Shu paytda As-Saffoh vafot etib, xalifalik taxtiga Al-Mansur o’tirgan. Mansurning hokimiyatini amakisi-Vizantiyaga yurish qilgan qo’shin qo’mondoni Abdulloh tan olmagan. Abu Muslim isyonchini tor-mor keltirgan (754 yil noyabr) va katta o’ljani qo’lga tushirgan. Mansur o’ljani talab qilgan, bundan g’azablangan Abu Muslim Xurosonga qaytgan. Biroq xalifa uni yo’ldan qoldirib, Madoyin shahriga muzokaraga kelishiga erishgan. Abu Muslim shu yerda 755 yil 12 fevral (yoxud 27 yanvar)da xalifa qabulida bo’lgan chog’ida o’ldirilgan. Sakkiz yillik faol diniy-siyosiy faoliyati davrida Abu Muslim mutaassib “ashaddiy” shialar ta’limotiga yoki imomatlikka yaqinlashmagan bo’lsa ham, uning o’limi zamonaviy mazdakiylar, shialarning bir qancha qo’zg’olonchilarini keltirib chiqargan. Shialarning ayrim firqalari uni imom deb e’lon qilgan, abumuslimiya firqasi paydo bo’lgan. Bularning so’nggi aks-sadosi Muqanna qo’zg’oloni hisoblanadi. Abu Muslim haqida Marvda udum bo’lgan rivoyat, afsonalar keyinchalik fors tilida (uning turkiycha variant ham bor) yozilgan xalq romani-“Qissai Abu Muslim” (o’zbekcha “Abu Muslim jangnomasi”)ga asos bo’lgan.