AERODINAMIK ISISH

AERODINAMIK ISISH – gaz yoki havo biror jism sirtidan katta tezlik bilan oqib o’tganda shu jism sirtining isishi. Gaz yoki havo oqimi sekinlashgan sari uning temperaturasi orta boradi va gaz (havo)ning issiqlik o’tkazishi tufayli jism sirtining temperaturasi ham ortadi. Gaz (havo) oqimi asosan zichlik keskin o’zgaradigan chegara qatlamda sekinlashadi. Harakatning sekinlashishi natijasida havoning eng yuqori isish temperaturasi havoning dastlabki temperaturasiga ham bog’liq bo’ladi. Jismning ichki qatlamlariga issiqlik tarqalmasa, isish temperaturasi ancha yuqori bo’ladi. Jismning eng yuqori bosim ta’sir» etadigan va eng isiydigan qismi uning Old tomonidir. Shu sababdan havo (gaz)da katta tezlik bilan harakat qiluvchi jismning old tomoni tez yemiriladi. Jismning ayrim qismlarini havoda qizishdan saqlash uchun issiqqa chidamli materiallar, termoizolyatsiya, ichki va tashqi sovitkichlar ishlatiladi va shu maqsadda havoda harakatlanishning eng yaxshi varianti tanlanadi. Jismning tezligi juda kattalashganda gaz (havo)ning nur chiqarib sovishi, zarba to’lqinidan isishi e’tiborga olinadi. Bunday hollar ballistik va qit’alararo raketalar, sun’iy yo’ldoshlar va kosmik apparatlariing atmosfera qatlamiga kirishida sodir bo’ladi. Masalan, kosmik apparat atmosfera qatlamiga 8,1 kilometr/sekund tezlikda kirganda temperatura 8000° ga yetadi. Shuning uchun ularning sirtini maxsus himoya qilish tadbirlari ko’rilishi lozim. Yer yuzidan taxminan 100 kilometrcha yuqorida Aerodinamikasi kam; balandlik 200 kilometrdan ortgach, Aerodinamik isishni e’tiborga olmasa ham bo’ladi.