AFG’ON SHAMOLI

AFG’ON SHAMOLI — O’zbekistonning jandagi hududlar (Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari) ga bostirib kiruvchi, Janubiy-g’arbiy yo’nalishidagi issiq, kuruq shamol. Juda ko’p chang-to’zon ko’tarib esadi. Bu shamol Janubiy-g’arbiy yo’nalishda, Afg’oniston tomondan esgani uchun mahalliy xalq uni «Afg’on shamoli» deb ataydi. Amudaryo havzasining yuqori qismida kuzatiladi. Afg’on shamoli bir tomondan, Janubiy-g’arbdan siljib keladigan va Hisor tog’ tizmasi oralig’ida siqilib harakatlanadigan iliq havo massasining, ikkinchi tomondan esa, shimoli-g’arbdan keladigan sovuq havo frontining aerodinamik tezlashuvi oqibatida paydo bo’ladi. Yiliga 30- 70 kun esadi. Afg’on shamoli o’ziga xos meteorologik hodisalar bilan kuzatiladi: 1 — 2 kun avval sharqdan esgan kuchsiz shamol natijasida dastlab siyrak chang paydo bo’lib, asta-sekin quyuqlashib boradi. Havo harorati ko’tariladi, nisbiy namlik esa keskin kamayadi. Atmosfera bosimi pasayadi. Havo frontining yaqinlashuvi bilan girdob va quyunlar hosil bo’ladi, so’nfa to’satdan 20 metr/sekund va undan ortiq tezlikda esadigan to’zonli bo’ron — Afg’on shamoli vujudga keladi. Afg’on shamoli aksariyat garmsel davrini yakunlaydi. Afg’on shamoli xalq xo’jaligiga, ayniqsa, qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Kuchli shamollar ba’zan ekinzorlarni qum bilan ko’mib tashlaydi yoki tuproqning ustki unumli qatlamini uchirib ketadi. Afg’on shamolining zararli ta’siri ekinzorlarni sug’orish bilan kamaytiriladi. Ekinzorlarni ihota daraxtlari bilan himoya qilish ham Afg’on shamoli ta’sirini ancha kesadi.