Agasfer kim?

Bu ism bilan, ba’zida uni «Boqiy juhud» birikmasi bilan almashtirib, G’arbiy Yevropa o’rta asrlar san’atida va adabiyotida keng tarqalgan nasroniy afsonalarining personajini ifodalaydilar. Agasfer nomining o’zi — Fors shohi Kayxusrav ismi-sharifining buzib aytilishi. Nasroniy afsonasiga ko’ra, u Iso Masih Golgofga qarab yurayotgan paytda unga dam olishga ijozat bermaydi va shafqatsizlarcha yo’lda davom etishni buyuradi. Buning uchun Agasfer o’zini kechirishi lozim bo’lgan Iso Masih ikkinchi zuhurining intizorida asrlardan — asrlarga qo’nimsiz uloqib yurishga mahkum etilgan edi. Afsonada ko’hna Ahddagi uloqib yurishga mahkum etilgan Kain haqidagi naqlning nasroniylar tomonidan qayta talqin etilishi o’z aksini topgan. Bu afsonaning ko’pdan-ko’p folklor talqinlarida Agasferning nomi ko’pincha rang-barang asotiriy personajlarning nomlari bilan almashtirilgan. Germaniyada u tog’lar ruhi Ryubesel, Shveytsariya va Avstriyada — yovvoyi ovchi. Agasfer haqidagi afsona XIII asrdan boshlab bizning zamonamizga qadar ko’plab adabiy asarlarda qo’llanilgan edi. Agasfer timsoli injiliy qahramondan bora-bora ommaviy adabiy qahramonga aylandi. Afsonaning syujet tuzilishi yozuvchilarga turli ekzotik mamlakatlarni va davrlarni tasvirlash uchun boy imkoniyatlar havola etardi. Agasfer haqidagi syujetga tayangan eng mashhur asarlardan birining muallifi fransuz adibi Ejen Syu sanaladi. XIX asr oxiriga kelib timsol nomining ma’nosi o’zgardi: Agasfer yangi hayotga yo’l ochayotgan butun insoniyatning ramziga aylandi.