AHMADIYA
AHMADIYA — 19 – asr oxirida Hindistonda vujudga kelgan diniy harakat. Mirza G’ulom Ahmad Kodiyoniy (1835-1908) asos solgan. U 19-asrning 70-yillarida Panjob musulmonlari o’rtasida yirik ulamo va avliyo sifatida nom chiqargan. Islom tarixi va ilohiyot bo’yicha bir necha asar yozgan. 1891 yilda «anjumani Ahmadiya» diniy tashkilotini tuzgan. Izdoshlari uni «payg’ambar», deb e’lon etgan. Vafotidan keyin uning o’rniga Hakim Nuriddin qolgan. Bashar Ahmad ibn G’ulom ham taniqli Ahmadiya arboblaridan hisoblanadi, «Siyrat ul Mahdiy» («Mahdiyning hayot yo’li»), «Kalimat ul-Fadl» («Ajratuvchi so’z») va boshqa kitoblari bor. Ahmadiya aqidalari Islomga zid. Ahmadiya aqidasi bo’yicha: 1) G’ulom Ahmad va’da qilingan Iso Masih emish; 2) Alloh ro’za tutar, namoz o’qir, uxlar, uyg’onar, yozar, imzo chekar, ba’zan adashar emish; 3) Muhammad (sav) oxirgi payg’ambar emas, chunki Alloh o’z ehtiyojiga ko’ra yer yuziga payg’ambarlar yuborib turar, ulardan eng afzali G’ulom Ahmad emish; 4) Jabroil (as) G’ulom Ahmadga vahiy olib tushar emish; 5) Kodiyon qishlog’i Makkai-Mukarrama va Madinai-Munavvaradan afzal emish; 6) araq ichish, af’yun va boshqa mast qiluvchi narsalarni iste’mol qilish mumkin. Hozirgi kunda ahmadiylar Hindiston va Pokistondan tashqari, bir necha Arab mamlakatlari, Eron, Afg’onistan, Afrika hamda G’arb mamlakatlarida tarqalgan. Londonda ularning katta markazi bor. Ahmadiylar MDH hududiga keyingi yillarda kirib keldi. Ko’proq ishbilarmon, tojir va xayriya jamiyati vakillari sifatida Tatariston va boshqa joylarda rasmiy ro’yxatdan o’tgan. Robita al-alam al-islomi (Islom olami Ittifoqi) Ahmadiyani «Islomga yot oqim» deb e’lon qilgan. Abduqayum Azimov.