AHMADJON QO’SHNAY
AHMADJON QO’SHNAY (Umrzoqov) (1888, Qo’qon-1959.7.11, Toshkent) – xalq sozandasi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1944). Mehnat Qahramoni (1930). Ro’zimat Mehtar, Hamroqul Surnaychi, Xoliq Qo’shnaychilarning shogirdi. Bayot, Dugohi Husayniy, Ushshoq kabi maqom yo’llarida Muhammad Umar, Abdukahhor Hofiz, Abdurahmon hoji, Nazirxon, Shobarot tanburchilarning jo’rnavozi. 1917 yildan so’ng Hamza Hakimzodaning «Sayyor truppa»sida ishlagan. Hamzaning «Zaharli hayot», «Farg’ona fojiasi», «Pochcham keldi», «Ro’ziqul kal», «Qalampir Hoji», «Tuhmatchilar jazosi» asarlariga musiqa bastalagan. 1926 yildan «etnografik truppa»da, Musiqa va xoreografiya instituti (1928, Samarqand) da, keyinroq O’zbek musiqa teatri (Samarqand, 1927 — 30) da xizmat qilgan. 1935 yilda Kurd, Eshvoy, Karimqulbegi, Metro, Daromadi Ushshoq, Dugohi Husayniy, Bachavotir, Mirzadavlat, Shodiyona kabi soz yo’llarini ijro etib, gramplastinkalarga yozdirgan. U Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrini tashkil etishda ishtirok etgan. 2-jahon urushi yillarida Yangiyo’ldagi musiqali drama va komediya teatrida ishlagan. Uning repertuarida 200 ga yaqin kuy bo’lgan.