AHMAROV CHINGIZ GABDURAHMONOVICH
AHMAROV CHINGIZ GABDURAHMONOVICH (1912.18.8, Troisk shahri, hozirgi Chelyabinsk viloyati — 1995.13.5, Toshkent) — monumentalist rassom, O’zbekiston xalq rassomi (1964). Ijodida Sharq miniatyurasi an’analarini davom ettirib, milliy musavvirlik maktabini yaratdi. Perm badiiy texnikumida (1927-30), V. Surikov nomidagi Moskva badiiy institutida (1935-42) ta’lim olgan. Ahmarov o’zbek tasviriy san’atining milliy o’ziga xosligi borasida xalqning boy va go’zal badiiy merosining ilg’or an’analarini hoz. zamon san’atiga ijodiy singdirishda faol xizmat qildi. Asarlarida ijodkorlik ruhi bilan yashayotgan zamondoshlarining go’zal va yoqimtoy, tabiati murakkab va nafis qiyofalari tasvirlanadi. Ijodini 30 – yillarda dastgoh rassomligi va grafika sohasida asarlar yaratish bilan boshlagan (Sh. Sulaymonning «Li Chu» kitobini bezagan, 1934; «Mushtum», «mash’ala» jurnallari uchun rasmlar chizgan; «Qiz portreti», «Bola portreti», «Akam portreti» va boshqalar). 2- jahon urushi yillarida vatanparvarlik ruhidagi asarlarni yaratdi («O’zbekiston qilichi» triptixi, 1942). Dastlab Navoiy teatri foyesiga Navoiy «Xamsa»si mavzulari asosida mahobatli devoriy rasmlarni (1944 — 47) ishladi. Shu davrdan boshlab Sharq mavzui Ahmarov ijodidan keng o’rin oldi. Qozon opera va balet teatri (1959), Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi (1968), Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (1968 — 69), Samarqanddagi Ulug’bek memorial muzeyi (1964), «Yulduz» restorani (1970), Hamza nomidagi San’atshunoslik instituti (1980) va boshqa binolarga (hammasi ham alebastrga tempera bilan) devoriy rasmlarni chizdi. 50 – yillardan ko’p qirrali ijodkor sifatida ko’zga tashlandi: portretlar (M. Turg’unboyeva, 1952; rassom R. Temurov, 1961; shoira Zulfiya, 1965; Halima Nosirova, «Yosh Navoiy», 1968), teatr spektakllari va kinofilmlarga chizgilar (M. Shayxzodaning «Mirzo Ulug’bek» fojiasiga, Hamza teatri, 1964; «Ulug’bek yulduzi», «Ikki dil dostoni» filmlariga), kitob bezaklari (Oybekning «Navoiy» romani, 1951; «Ravshan» eposi, 1958 va boshqalar), maishiy lavhalar («Buxorocha raqs», «Xorazmcha raqs», «Xush kelibsiz», hammasi ham 1971), rasmlar («Indoneziya taassurotlari» turkumi, 1964), amaliy san’at buyumlari uchun chizgilar (chinni laganlar uchun rasmlar, 60 — 70-yillar) ham yaratdi. Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekati, amaliy san’at muzeyi binosi devorlariga ishlagan asarlari (80 — 90-yillar) ham jozibalidir. So’nggi yillarda «Amir Temur va Bibixonim», «Amir Temur va darvish», «Amir Temur va Boyazid» kabi asarlarini yaratdi (1992 — 95). Asarlari O’zbekiston san’at muzeyida, amaliy san’at muzeyida, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida, Qo’qon adabiyot muzeyida va boshqa muzeylarda saqlanadi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1968). Ad :. Umarov A., Chingiz Ahmarov, T., 1974; Chingiz Ahmarov: Albom, T., 1982. Abdulhay Umarov.