«AKBARNOMA»

«AKBARNOMA», «Tarixi Akbarshohiy» («Akbarshoh tarixi»), «Tarixi Akbariy» («Akbar tarixi») — tarixiy asar; boburiylardan Akbar topshirig’iga ko’ra uning vaziri va yaqin safdoshi Abulfazl Allomiy tomonidan 1589-1601 yillarda yozilgan. «Akbarnoma” 3 jilddan iborat. Birinchi jildida Akbarning tug’ilishi, uning shajarasi hikoya qilinadi, Bobur, Humoyun davrida Afg’oniston va shimoliy Hindistonda yuz bergan siyosiy vaziyat tasvirlanadi. Bulardan tashqari Akbar hukmronligining ilk 17 yili (1556-72) da ro’y bergan voqealar bayon etiladi. Ikkinchi jild Hindiston va shimoliy Afg’oniston tarixini (1573-1601/02 yil), uchinchi jild esa Akbar shaxsi, uning saroyi, Boburiylar saltanatining tuzilishi, mamlakatning ma’muriy bo’linishi, soliq va boshqalardan keladigan tushumlar, dinlar, hindlarning dunyoqarashi va boshqalar haqidagi ma’lumotlarni o’z ichiga oladi. Uchinchi jild «Oyini Akbariy» («Akbar qonunlari») nomi bilan mustaqil asar sifatida ham mashhur. Muallif vafotidan so’ng Akbar hukmronligining so’nggi davrlari yozilmay qolgan. Ammo, keyinchalik bu davrlar «Akbarnoma” asosi (tartibi)da yoritiladi (unda voqealar yilma-yil bayon etiladi) va u «Takmilaiy Akbarnoma» nomi bilan tarixga kiradi. «Akbarnoma”ga qo’shimcha qilingan so’nggi qismlari muallifi aniq ma’lum emas. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, u lahorlik yozuvchi va tarixchi Inoyatullo ibn Muhibb Ali deyilsa, boshqa ma’lumotlarda Shoh Jahonning mashhur tarixchisi Muhammad Solih Kambo («Shoh Jahonnoma»ning muallifi) deyiladi, uchinchi bir ma’lumotda esa Abulfazl Allomiy maktublarini to’plagan jiyani tomonidan yozilgan deb ko’rsatiladi. «Akbarnoma” da tarixiy voqealar yilma-yil tadrijiy suratda bayon etiladi. Ma’lumotlar esa rasmiy hujjatlardan olinadi va sodir bo’lgan voqealarning bevosita ishtirokchisi, guvohi bo’lganlarning yozishmalari va xotiralariga asoslaniladi. Shunga ko’ra «Akbarnoma” qimmatli va ishonchli tarixiy asar hisoblanadi. «Akbarnoma” nusxalari Angliya, Frantsiya, Hindiston, Rossiya va boshqa mamlakatlarda saqlanmoqda. 19-asrda «Akbarnoma” Beverij, Elliot va Dousonlar (I— II jild), shuningdek Glodvin, Bloshman, Jarretlar (III jild) tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Ad.: Axmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv., T., 1985.