AKBAROV

AKBAROV Asqarali Odamshoyevich (1951.2.10, O’sh viloyati Yangiyo’l tumani karavon qishlog’i) — naqqosh, O’zbekiston Respublikasi xalq ustasi (2000). T. To’xtaxo’jaevning shogirdi. R. Yoqubov, J. Hakimov, M. Usmonovlar bilan birga ishlab hunar o’rgangan. M. Uyg’ur nomidagi Toshkent san’at institutini tugatgan (1995). 1975 yildan Qo’qon badiiy ishlab chiqarish ustaxonasida naqqoshlar brigadasi boshlig’i, 1982 yildan Namangan badiiy ustaxonasi amaliy san’at brigadasi boshlig’i, 1989 yildan Namangan viloyat o’lkashunoslik muzeyida san’at bo’limi boshlig’i, 1998 yildan O’zbekiston ba Namangan viloyati badiiy ijodkorlar uyushmasi rahbari. Akbarov ijodida an’anaviy naqqoshlikni rivojlantirdi, binolar bezagida naqqoshlik bilan ganch va yog’och o’ymakorligini uyg’un holda qo’lladi, unutilib ketgan kundal uslubini tikladi. Kursi, xontaxta, guldon, lagan kabi buyumlarni nafis ranglarda bezaydi. Milliy va zamonaviy binolar bezagida islimiy va girih mujassamotidan keng foydalanadi. Namangan («Paxtaliko’l» sanatoriysi, viloyat o’lkashunoslik muzeyi va boshqalar), Toshkent («Moviy gumbazlar» choyxonasi, xalqlar do’stligi saroyi va boshqalar) va boshqa viloyatlarda, xorijda 60 dan ortiq jamoat binolarini bezadi.

AKBAROV Ikrom Ilhomovich (1921.1.3, Toshkent) — kompozitor, O’zbekiston xalq artista (1981), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1964). Toshkent (1945) va Leningrad (1950) konservatoriyalarini tugatgan. Hamzaga bag’ishlangan «Shoir xotirasiga» simfonik poyemasi (1954) o’zbek simfonik ijodiy tafakkurining shakllanishida Asqarali Akbarov ishlagan bino bezagi muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Akbarov simfonik asarlar, opera va baletlar, oratoriyalar, vokal-simfonik va kamer-cholg’u asarlar (xususan 6 ta torli kvartet), qo’shiq va romanslar, xor turkumlari muallifi, kinofilmlar va dramatik spektakllarga musiqa yaratgan, o’zbek xalq kuylarini jo’rsiz xor uchun qayta ishlagan. Ijodiy uslubi teran simfonik tafakkurga asoslangan. Simfonik asarlari — «Epik poema» (1961), skripka va orkestr uchun 1-2 – va 3 – kontsertlar (1962, 1984, 1997), «Pochta» (1970), «Shakuntala» (1980) simfonik manzaralari, «Samarqand haqida simfonik hikoyalar»i (1973), 2 ta simfoniya (1996, 1998) va boshqalar. «Orzu» (1957), «Layli va Majnun» (1968), «Navro’z» (1984) baletlari, «So’g’d elining qoploni» (1977) va «Ibtido xatosi» (1997) operalari, «Toshkentnoma» (1964), «Mangu xotira» (1985) oratoriyalarini yaratgan. Asarlari chet ellarda ham ijro etilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotining laureati (1977). «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1999). Ad.: Djabbarov A, Solomonova T., Kompozitori i muzikovedi Uzbekistana, T., 1975; Yanov-Yanovskaya NS, Ikram Akbarov, T., 1990.

AKBAROV Ilyos Akbarovich (1909.5.5, Toshkent) — o’zbek musiqashunosi. Birinchi o’zbek musiqa folklorshunoslaridan. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1956). San’atshunoslik institutida ilmiy xodim (1932-39), direktor (1943-48), «O’zdavnashr»da musiqa bo’limining mudiri (1934-40), Toshkent musiqa bilim yurti (1930-42), Toshkent davlat konservatoriyasi (1943 yildan) da o’qituvchi, musiqa nazariyasi kafedrasi mudiri (1963-90), professor (1979 yildan). Farg’ona vodiysi va Xorazm viloyatlarida o’zbek va Uyg’ur xalq kuylarini to’plab, ayrimlarini nashr ettirgan: «O’zbek ashulalari» (M., 1934, H. Muhamedova bilan hamkorlikda), «30 ashula» (M., 1935), «O’zbek xalq qo’shiklari» (T., 1939), «Muqimiy va Furqat ashulalari» (T., 1959) va boshqalar. Ilk o’zbek bolalar qo’shiqlari («Biz kuylaymiz», T., 1939), «Musiqa lug’ati» (T., 1987, 2-nashri -1997), darslik va uslubiy qo’llanmalar muallifi. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2000).

AKBAROV Odiljon (1933.23.8, Baliqchi tumani) Xalq o’qituvchisi (1983). «O’zbekiston hunar-texnika ta’limi a’lochisi» (1969). 1951 yil Andijon shahridagi 10-hunar bilim yurtini, 1955 yil Toshkent industrial texnikumini, 1971 yil sirtdan Andijon pedagogika institutini tugatgan. 1955 yildan Andijon shahridagi 10-hunar-texnika bilim yurtida ishlab chiqarish ta’limi bo’yicha usta, 1971-96 yillarda Andijon mashinasozlik litseyida maxsus fanlar bo’yicha o’qituvchi. Akbarov boshchilik qilgan chizmachilik kabineti respublikadagi eng namunali kabinet hisoblangan. Ekranlashtirilgan bu kabinetda turli xil ko’rgazmali qurollar, didaktik materiallar o’rnatilgan.

AKBAROV Habibulla Asatovich (1936.24.3, Toshkent) — geolog olim. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1994). Geologiya-mineralogiya fanlari Doktori (1986), professor (1992). O’rta Osiyo politexnika institutining geologiya qidiruv fakultetini tugatgan (1958). O’rta Osiyo geologiya va mineral xom ashyo institutida sektor mudiri (1968-79), bo’lim mudiri (1979-86), direktor o’rinbosari (1987-91). 1992-96 yillarda ToshDTU prorektori va ayni vaqtda shu universitet foydali qazilma konlari kafedrasi mudiri. 1996 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi yer haqidagi fanlar bo’limi raisi va Fanlar Akademiyasi Prezidiumi a’zosi (1997 yildan). Akbarovning ilmiy ishlari endogen ruda konlari va maydonlari tuzilishi, ularning paydo bo’lish va joylashish qonuniyatlarini o’rganish, rudalarni izlash va bashoratlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqishga bag’ishlangan. As. Tabiiy muhitni muhofazalashning geologiya asoslari, T., 1996 (hammuallif).