AKTUALIZM

AKTUALIZM (geologiyada), aktualistik metod (inglizcha aktual — zamonaviy haqiqiy, amalda mavjud) — yer taraqqiyotining tarixini o’rganish uchun qo’llaniladigan qiyosiy-tarixiy metod. Aktualizm o’tmishdagi geologik jarayonlar hamda ular natijasida ro’y bergan hodisalar hozirgi zamonda bo’layotgan jarayon va hodisalarga o’xshash degan fikrga asoslangan. Shunga asosan, hozirgi zamonda bo’lib turadigan geologik jarayonlar, muhitlar va ular natijasida kelib chiqqan hodisalarni (hozirgi zamon cho’kindilari, vulkan mahsulotlari, relef va hokazolar) o’tmishda paydo bo’lgan jinslarga, organik cho’kindilarga, relyef shakllariga taqqoslash yo’li bilan o’tmish geologik davrlarda bo’lib o’tgan geologik jarayonlar va tabiiy geografik sharoitlar taxm. aniqlanadi. Ammo yer doim taraqqiy etib turganligidan o’tmish geologik jarayonlarini hozirgi jarayonlar bilan tuda taqqoslab bo’lmaydi. Ba’zi bir jarayonlar ayrim geologik davr uchungina xos. Shuning uchun yerning o’tmish tarixidagi geologik jarayonlarni hozirgi vaqtda kuzatilayotgan geologik jarayonlar bilan aynan taqqoslash unchalik to’g’ri emas. Aktualizm termini nemis geologiya adabiyotida 19-asr 2-yarmida paydo bo’lib, 20-asr 20-yillaridan ommalashdi. Aktualizm kurtaklari insonning dastlabki bilimlari vujudga kelgan davrda, eng qadimgi afsonalarda va yozma manbalarda uchraydi. Keyinroq geologik tarixni tushuntirishda Aktualizmdan Ibn Sino, Beruniy, 18-asr o’rtalaridan Rossiyada M. V. Lomonosov, Buyuk Britaniyada J. Getton va boshqalar foydalandilar. Aktualizmning birinchi shaklini hozirgi uniformizm deb ataydilar. Aktualizm ilmiy printsip sifatida 19-asr 1-yarmida ingliz olimi Ch. Laelning «Geologiya asoslari» asarida olg’a surilgan. U katta dalillarga asoslanib, Aktualizmni geologiyani o’rganish usuli tariqasida tavsiya qildi. Layelning fikricha, o’tmish geologik jarayonlar hoz. zamon jarayonlaridan hech farq qilmaydi. Ba’zi bir xorijiy mamlakat geologlari hozir ham shunday fikrdalar. Uniformizmga hozirgi geologik dunyoqarash sifatida geologik taffakkurning bosib o’tilgan davri deb qaraladi. O’zbekistonda yosh yotqiziqlarni o’rganish asosida qad. davr cho’kindilarining hosil bo’lish sharoitlarini aniqlash sohasida ko’pgina ishlar qilingan.