ALANGA FOTOMETRIYASI

ALANGA FOTOMETRIYASI – emission spektral analiz turlaridan biri. Asosan eritmalardagi ko’pgina metallar va nodir yer elementlari atomlari miqdorini ularning alanga spektral chiziqlari yoki yo’llariga qarab aniqlashda qo’llaniladi. Yoritgich gaz, vodorod, atsetilen yoki disian alangasi spektrlarning paydo bo’lish manbai hisoblanadi. Vodorod-kislorod alangasi ko’proq tarqalgan bo’lib, unga yuqori temperatura (2900°K), kam nurlanish va chala yonganda alangada qattiq zarralar bo’lmasligi xos. Nurlanishni qabul qiluvchi sifatida fotoelement yoki fotoelektron ko’paytirgichdan, qayd qiluvchi sifatida esa galvanometr yoki o’zi yozar asbobdan foydalaniladi. Qayd qilishda olingan yozuv nurlanish intensivligi to’lqin uzunligiga bog’liqligini bildiradi. Tekshirilayotgan element spektral chiziqlarining intensivligi shu element kontsentrasiyasining me’yori hisoblanadi. Alanga fotometriyasi ishqoriy elementlar bo’yicha 0,01 mkg/ml, ishqoriy yer elementlari bo’yicha 0,1 mkg/ml sezgirlikka ega bo’lgan tezkor usul hisoblanadi.