ALKOR

ALKOR, tog’zira (Athamanta macrophylla) — ziradoshlar oilasiga mansub o’q ildizli ko’p yillik rezavor o’simlik. Bo’yi 1-2 metr. Yoshiga qarab har yili bittadan 15 tagacha poya chiqaradi. Barglari murakkab, qalin. To’pgullari soyabon, murakkab, poyasining uchida joylashgan. Har bir soyabonchada 20 tacha gul bo’ladi. Ildizi yo’g’on. Urug’lari mayda, tuxumsimon, uzunligi. 4-6 millimetr. Alkor iyun — iyulda gullaydi, avgust— sentabrda urug’i pishadi. O’rta Osiyo florasi uchun endemik hisoblanadi. O’zbekistonda 1500-2800 metr balandlikdagi tog’yonbagrlarida o’sadi. Toshkent, Namangan, Farg’ona va Surxondaryo viloyatlarida tarqalgan. Alkor, ayniqsa, uning urug’i, guli va barglari xushbo’y efir moylariga nihoyatda boy (1,67%). Shuning uchun Alkorni mahalliy aholi rezavor o’simlik sifatida taomga ishlatadi. Alkor qo’shilgan sut mahsulotlari uzoq vaqt (15-20 kun) gacha achimaydi. Uning soyada yoki oftobda quritilgan bargi va urug’lari bodring, pomidor, karam, olma, qovun, tarvuz va boshqalarni tuzlash uchun ishlatiladi. Alkorning o’ziga xos xushbo’y hidi uzoq saqlanib turadi.