ALOHIDA FIKR

ALOHIDA FIKR (huquqda) – sud hukmi, qarori yoki ajrimini chiqarishda boshqa sudyalar xulosasiga qo’shilmay qolgan sud a’zosining yozma fikri. O’zbekiston Respublikasi JPK 472-moddasiga binoan, hukm sudya tomonidan chiqarilgan bo’lsa, uni sudyaning yakka o’zi, sud tarkibi tomonidan chiqarilgan bo’lsa, sudyalarning hammasi imzolaydi. Ovoz berish vaqtida ozchilikni tashkil qilgan sudya hukmga imzo qo’yib, o’zining Alohida fikrni yozma ravishda bayon qilishga haqlidir. Bu fikrni u bevosita maslahatxonada yozishi lozim. Alohida fikr ishga ilova qilinadi, lekin sud Majlisining zalida e’lon qilinishi mumkin emas. Alohida fikr mavjud bo’lgan ish kassasiya tartibida ko’rilmagan bo’lsa, hukm qonuniy kuchga kirgandan keyin ish yuqori sud raisiga yuborilishi lozim, u esa ish bilan tanishib chiqib, hukm ustidan nazorat tartibida protest berish-bermaslik masalasini hal qilishi kerak.