AMIR UL-UMARO

AMIR UL-UMARO (Arabcha — amirlar amiri, oliy Amir) — o’rta asrlarda Movarounnahrda keng tarqalgan eng yuqori harbiy unvonli amaldor. U oliy bosh qo’mondon hisoblanib, butun harbiy ishlar uning qo’lida bo’lgan. Bundan tashqari, Oltin O’rda va Chig’atoy ulusida hukumatning barcha bosh ijro idoralari (devonlar) ham Amir ul-umaro qo’lida bo’lgan. Lekin Amir Temur va Temuriylar zamonida Amir ul-umaro faqat bosh qo’mondonlik, ko’p hollarda podshoh hudaychisi (ad’yutanti) vazifasini o’tagan. Davlat ijro idoralari esa viziri A’zam qo’lida bo’lgan. Amir ul-umarolik lavozimi Qo’qon xonligida amiri lashkar, beklar begi, Turkiya va Ozarbayjonda 17-19-asrlarda beklar begi deb atalgan. Xiva xonlari arxividan ma’lum bo’lishicha, saroyda unga xizmat qiluvchi maxsus xodimlar, chunonchi 35 farrosh, 80 xizmatkor, 4 Sayis va 6 darvozabon bo’lgan. Saroy lavozimlari ichida Amir ul-umaro Xiva xonligida naqibaan keyin kelgan va uning maoshi 500 tillani tashkil qilgan. Bundan tashqari bir necha viloyatning daromadlari Amir ul-umaro ixtiyoriga berilgan.