AMMIAK
AMMIAK — azotning vodorod bilan hosil qilgan eng oddiy birikmasi; o’tkir hidli, rangsiz, zaharli gaz, qaynash temperaturasi 33,35°, suyuqlanish temperaturasi — 77,7°. 1 l Ammiakning og’irligi 0,7713 gramm, suvda yaxshi eriydi. Ammiakning suvdagi eritmasi kuchsiz asos. U tabiatda sof holda nihoyatda oz miqdorda uchraydi, azotli organik moddalarning parchalanishidan hosil bo’lib turadi. Ammiak toshko’mirni quruq haydashda qo’shimcha mahsulot sifatida olinadi, ammo, asosan, azot bilan vodoroddan sintetik usulda hosil qilinadi: N2=3H2 2NH3=22 kkal, reaktsiya faollovchi oksidlar (A12O3, KjO, CaO, SiO2, goho MgO) yordamida suyuqlantirilgan Fe, O4 dan qaytarish usuli bilan olingan temir (katalizator) ishtirokida, 300-1000 ATM bosim va 500-550° temperatuada olib boriladi. Laboratoriyada ammoniy tuzlaridan olinadi. Ammoniy tuzlari, masalan, (NH4)2SO4, NH4NO3 ishqoriy metall tuzlariga o’xshaydi, lekin ishqorlar ta’sir etganida Ammiak ajralib chiqadi. Ammiakning suvdagi eritmasi novshadil spirtdir. Ammiak asosan nitrat kislota olishga sarflanadi. Ammiak ham, ammoniy tuzlari singari qishloq xo’jaligida o’git sifatida ishlatiladi. Undan sovituvchi vosita sifatida ham foydalaniladi. Ammiak O’zbekistonda — Chirchiq, Farg’ona va Navoiy kimyo kombinatlarida sintez qilinadi, buning uchun lozim bo’lgan azot havodan, vodorod esa Buxoro tabiiy gazidan konversiya usuli bilan olinadi.