AMU-BUXORO MASHINA KANALI
AMU-BUXORO MASHINA KANALI — Buxoro viloyatidagi sug’orish kanali. Amudaryoning o’ng qirg’og’idan, Chorjo’y shahri (Turkmenistan) dan 12 kilometr yuqorida boshlanadi. Qizilqumdan o’tib Buxoro vohasiga suv beradi. 1-navbati 1965 yilda, 2-navbati 1976 yilda qurilgan. Umumiy uzunligi 400 kilometr. Suvni Maksimal ko’tarish balandligi 111 metr, maksimal suv o’tkazish imkoniyati 270 m3/s Amu-Buxoro mashina kanalining 1-navbati ishga tushirilgach, Buxoro viloyatida boshqa manbalardan sug’orib kelingan 136,5 ming gektar yerni Amudaryo suvi bilan sug’orish mumkin bo’ldi, Amudaryo havzasidagi 377 ming gektar yerning suv bilan ta’minlanishini yaxshilash, 23,8 ming gektar yangi yerlarni sug’orish imkoni tugildi. Magistral kanalda 65 gidrotexnika inshooti, 11 nasos stansiyasi (jumladan suvni 54 metr balandlikka ko’tarib beradigan, har birining quvvati 12,5 ming kVt bo’lgan 10 nasos agregatli Hamza-2 nasos styasi) bor. Amu-Buxoro mashina kanalining nasos stansiyalari, ularning umumiy joylanishi, ayrim nasos agregatlarning quvvati, shuningdek nasoslarning avtomatika va telemexanika vositalari bilan jihozlanishi jihatidan mamlakat irrigasiya tajribasida noyob hisoblanadi. Birinchi marta Buxoro viloyatida nasos st yasining old kamerasida belgilangan suv sathini doimo bir xilda saqlab turadigan avtomatik tamba (zatvor) qo’llanildi. 152- kilometrda uch yo’nalishda suv taqsimlagich qurildi: chapda — Amu-Buxoro mashina kanalining 1-navbati uchun (suv sarfi 60,3 m3/s), o’ngda — Amu-Buxoro mashina kanalining 2-navbati uchun (suv sarfi 95,8 m3/s) va o’rtada rostlagich -To’dako’l sho’rini yuvish hamda kelajakda uni to’ldirish uchun suv beradi. Amu-Buxoro mashina kanalining 2-navbati tugaydigan 191-kilometrda Qiziltepa nasos stansiyasi qurildi. U Amu-Buxoro mashina kanalining 2-navbatidan Zarafshon daryosiga suv uzatadigan ikkinchi pogona hisoblanadi. Qiziltepa nasos stansiyasining yuqori befida suv sathini ta’minlash uchun To’dako’l botig’iga suv tashlaydigan inshoot qurilgan. Amu-Buxoro mashina kanali 2-navbatining ishga tushirilishi 15,5 ming gektar yangi yerlarni o’zlashtirish, Amudaryo suvi bilan Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyatlaridagi 77 ming gektar sug’oriladigan erlarning suv ta’minotini yaxshilash imkonini yaratdi. Sharif Hamdamov.