AMUR

AMUR — qadimgi Rim mifologiyasida sevgi xudosi. Dastlab Amur kamon va o’q bilan qurollangan qanotli yigit sifatida, keyinchalik odamlar va xudolarni sevgi azobiga mubtalo qiladigan mug’ombir bola sifatida tasvirlangan. Yunon mifologiyasidagi Erotta mos keladi.

AMUR — Sharqiy Osiyodagi Daryo, Shilka va Argun daryolari qo’shilishidan hosil bo’ladi. Amur Amur Limani va Saxalin qo’ltig’i orqali Oxota dengiziga quyiladi. Uzunligi 2824 kilometr, Argun irmog’i boshidan esa 4440 kilometr. Havzasining maydoni 1855 kilometr kvadrat. Amur yuqori oqimida baland tog’lar orasidan, o’rta va quyi oqimida esa pasttekisliklardan o’tadi. Amurga 10600 katta-kichik soy va 61400 ga yaqin ko’l qo’shiladi. Amur asosan yozgi-kuzgi musson yomg’irlaridan suv oladi. Yozgi musson yomg’irlari davrida daryo to’lib oqadi, ba’zan toshadi. Asosiy irmoqlari: Zeya, Bureya, Amgun (chapdan), So’ngari, Ussuri (o’ngdan). O’rtacha suv sarfi Bogorodskoe qishlog’ida 10900 m3/sek (maksimali 40000 m3/sek, minimali 611 m3/sek). Amur noyab. boshidan may boshigacha muzlaydi. Eng katta suv toshqinlari 1897, 1928 va 1956 yillarda bo’lgan. Amur irmoqlari bilan Uzoq Sharqdagi eng katta transport magistrali hisoblanadi. Amurda kema qatnaydi. Amurda 100 ga yaqin baliq turi bor, ulardan 20 turi endemik. Asosiy ovlanadigan baliq turlari: Amur osyotri, beluga, taymen, oq Amur, sazan, laqqa baliq, olabug’a va boshqalar.