ANIMALISTIKA

ANIMALISTIKA (lotincha animal – hayvon) — tasviriy san’atda hayvonlarni tasvirlash. Bu sohada ishlovchi rassom va haykaltarosh animalist deb ataladi. Tabiatning ajoyib mahsuli bo’lgan hayvonot olami — suvda, quruqlikda yashovchilar, qushlar insonni juda qadimdan qiziqtirgan, hayvonot dunyosi umuman inson uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Ibtidoiy inson ibtidoiy sanat namunalarida ov manzaralarini, hayvonlarning turli sharoitda harakat va holatini aks ettirgan. Qadimda ko’pgina hayvonlarni ilohiy hisoblaganlar (jumladan, turkiy xalqlarda ona bo’ri va, boshqalar), tasviriy san’at asarlarida inson bilan hayvonni uyg’unlashtirib ko’rsatganlar (Sfinks, grifonlar). Qadimgi Xitoy, Yaponiyada hayvon tasviri bezak va mahobatli mujassamotlarda ko’p uchraydi. 17-asr golland tasviriy san’atida hayvonlarni tasvirlash maxsus janrga aylandi. 18-asrdan rus tasviriy san’atida Animalistika janri rivojlana boshladi (I. Groot, P. Klodt). Animalistika xalq ijodida keng tarqalgan. Ayrim Sharq mamlakatlarida, ayniqsa Myanma (birma), Kambodja (Kampuchiya), Hindistonda me’moriy inshootlar qadimdan hayvonlar tasviri bilan uyg’unlashtirib bunyod etilgan. Turkistonda, jumladan O’zbekiston hududida Animalistika juda qadimdan rivojlangan. Dastlabki hayvon tasvirlari (qoyatosh rasmlari, sopol buyumlar bezagi, haykallar) ibtidoiy davrda va undan keyingi jamiyatda yaratilgan (neolit, eneolit, jez davrida yaratilgan kulollik buyumlaridagi handasiy shakllar hayvon — sigir, qushlar, Xoldor sirtlon tasvirlari bilan to’ldirildi; Amudaryo xazinasidagi oltin buyumlarda ho’kiz, echki, ilon va boshqa tasvirlari). Saqlanib qolgan devoriy rasmlarda, amaliy bezak san’ati (mato, ziynat buyumlari, bezakli idishlar va boshqalar) da ham hayvon tasvirlari uchraydi. Arablar istilosidan keyin Animalistika janri tushkunlikka uchrab, o’rnini ko’proq girih, islimiy naqshlar egalladi. Shunga qaramay, miniatyura asarlarida hayvon va qushlar tasviri ko’p. Bezak san’atida ham mavjud: o’yma va bo’yama naqshlarda hayvon va qushlar uslublashtirib bo’lsa hamki ifodalangan, o’yinchoq haykalchalarda, asosan, hayvonlar shakli tasvirlangan; shoyi matoda afsonaviy mahluqlar (7-9-asrlar), ganch o’ymakorligida qanotli sherlar, dev va boshqalar (Termizshohlar saroyida, 12-asr); shisha buyumlarda hayvon shakli (ho’kiz boshi, Samarqand muzeyida; baliq shaklidagi billur idishcha, Ermitajda) va boshqa tasvirlar, Samarqanddagi Sherdor Madrasa peshtoqiga sher, Buxorodagi Devonbegi madrasasi qanosiga afsonaviy Semurg’qush, kiyik tasvirlari ishlangan. O’zbek haykaltaroshlari A. Boymatov, P. va M. Ivanov, E. Aliev, I. Jabborov va boshqalar ijodida ham hayvonlar tasviri uchraydi. O’zbek xalq ijodida Animalistika janri (U. Jo’raqulov, H. Rahimova, A. Muxtorov va boshqa ustalar ijodida) keng rivojlangan. Nemat Abdullayev.