APPALACHI TOG’LARI

APPALACHI TOG’LARI – shimoliy Amerikadagi tog’lar, AQSh bilan Kanada hududida. Janubiy-g’arbdan shimoliy-sharqqa 2600 kilometr cho’zilgan, eni 300 — 500 kilometr. Eng baland cho’qqisi — Mitchell tog’i (2030 metr). Appalachi tog’lari Janubiy-Sharqiy va shimol qismlari paleozoy erasida burmalangan kristall jinslar (gneyslar, kristalli slaneslar, kvarsitlar) dan, Janubiy-g’arbiy qismi cho’kindi jinslar — ohaktosh, qumtosh, gilli slanetslardan tashkil topgan. Mezozoy va kaynozoyda tog’lar gumbazsimon ko’tarilgan. Tog’larni ko’pdan-ko’p daryolar parchalab yuborgan. Shimol tomonlari relyefini to’rtlamchi davr muzliklari ancha o’zgartirgan. Appalachi tog’lari iqlimini Atlantika okeani yumshatib turadi. Yog’in 1000 — 1300 millimetr. Janubda tog’yon bag’irlari 1000 metr balandlikkacha keng bargli o’rmonlar, undan yuqorida aralash va igna bargli o’rmonlar bilan qoplangan. Appalachi tog’larida toshko’mir, neft, temir rudasi, mis, kumush, kobalt bor. Appalachi tog’larida 2 ta millim park mavjud. Turizm va ovchilik rayoni.