ARABOTA MAQBARASI
ARABOTA MAQBARASI — Samarqand viloyati Tim qishlog’idagi me’moriy yodgorlik, miloddan 977/8 (hijriy 367). Me’mori noma’lum. Poydevori toshdan, devorlari chorsi g’ishtdan (23X23X4 santimetr) ganchxok bilan terilgan. Binoning umumiy tarhi murabba (560X560 santimetr). Usti gumbaz bilan yopilgan. Devor va gumbaz orasidagi 4 kunjak yirik muqarnas kosalar shaklida. Ustunlar naqshli. Bu bejirim ustunlar xonaga shinam va ulug’vor ko’rinish beradi. Maqbaraning ko’rki uning mahobatli peshtoqidir. G’ishtlar turli tartibda juftlab terilgan, choklar qatoriga ganchkori naqshlar kiritilgan. Peshtoq poyalarida kufiy yozuvlari bor. Ravoq tepasidagi uch mehrobsimon tokchalar mayda naqshlar bilan bezalgan. Arabota maqbarasi Movarounnahrda saqlanib qolgan eng qadimgi musulmon maqbaralaridan biri. Maqbara me’moriy tuzilishi jihatidan katta ahamiyatga ega. Uning peshtoki o’sha davrda yaratilgan shu turdagi binolarning dastlabki yetuk namunasi bo’lib, 11 — 12-asrlar me’morligining rivojiga ta’sir etgan. Ad.: Zohidov P. Sh., Me’mor san’ati, T., 1978.