ASAKA TUMANI
ASAKA TUMANI – Andijon viloyatidagi tuman. Viloyatning Markaziy qismida joylashgan. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Marhamat tumani bilan birlashtirilgan, 1970 yil 7 dekabrda qayta tuzilgan). Andijon viloyatining Shahrixon, marhamat, Andijon, Xo’jaobod tumanlari va Farg’ona viloyatining Quva tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,26 ming kilometr kvadrat (1995). Aholisi 174,9 ming kishi (2000). Asaka tumanida 1 shahar (Asaka) va 8 qishloq yig’ini (Zarbdor, Ilg’or, Kujgan, Mustahkam, Niyozbotir, O’zbekiston, Qadim, Qoratepa) bor. Markazi — Asaka shahri. Tabiati. Relyefi tekislik, jarliklar, qir va nisbatan baland adirlardan iborat. Shimoli-sharqida Andijon, Asaka adirlari va qirlari joylashgan. Iqlimi kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26 gradus, yanvarniki — 2,9°. Yiliga o’rtacha 180 — 190 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 220 kun. Tumanning shimol va shimoli-sharqidan katta Farg’ona kanali, Shahrixonsoy, Janubdan Oqbo’yra va Aravonsoylar oqib o’tadi. Asaka tashlamasi va obihayot sug’orish mashina kanali bor. Tuproqlari, asosan, bo’z tuproq, adirlari arziq tuproq bo’lib, sug’orib dehqonchilik qilinadi. Yovvoyi o’simliklardan shuvoq, sho’ra va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo’ri, chiyabo’ri, quyon yashaydi. Aholisi, asosan, o’zbeklardan iborat. Tojik, rus, tatar, qirg’iz, uyg’ur va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadrat o’rtacha 679 kishi to’g’ri keladi (2000). Xo’jaligi. Asaka tumanida motor ta’mirlash zavodi, Asaka don mahsulotlari aktsiyadorlik jamiyati, neft mahsulotlari ta’minoti korxonasi, paxta tozalash zavodi, meva va sabzavotlarni qayta ishlash, yog’ochsozlik «Turon» xususiy korxonasi, 3 parrandachilik fabrikasi bor. Shuningdek, xususiy tadbirkorlik ham rivojlangan. Tumanda 431 kichik korxona faoliyat ko’rsatadi (2000). Qishloq xo’jaligidagi jami ekin maydoni 11070 gektar. Shundan 5995 gektar yerga paxta, 3902 gektar yerga bug’doy, 47 gektar yerga sabzavot ekiladi; yem-xashak ekinlari 1114 gektar, meva va tokzorlar qariyb 2000 gektar yerni ishg’ol qiladi (2000). Tumanda 2 jamoa xo’jaligi (Bobur nomidagi jamoa xo’jaligi, «Sharq haqiqati»), 8 shirkat xo’jaligi («Yangi hayot», «Navbahor», «O’zbekiston», «G’alaba», «O’zbekiston mustaqilligi», «Navro’z», «Asaka», G’ulom Yoqubov nomidagi shirkat xo’jaligi) va «Sohibkor» meva-tokchilik shirkatlar uyushmasi bor. Asaka tumanida 2000 yilda 19,0 ming tonna paxta, 30,0 ming tonna g’alla yetishtirildi. Asaka tumanida Andijonning eng fusunkor va so’lim go’shalaridan Asaka cho’ntagi joylashgan. Cho’ntak Toshkanboy Egamberdiev nomidagi madaniyat istirohat bog’ining tepa, chekka qismiga tutashgan. Shahrixonsoydan boshlangan yov arig’i 6 kilometr masofada yuqorilab oqib, cho’ntakka yetganda adir yon bag’rilari bo’ylab choyxona so’rilari ostidan oqib o’tadi. Ariqda radiusi 6,5 metrli, 110 ko’rachasi bo’lgan charxpalak aylanib turadi. Ushbu charxpalak bu yerdagi 3 ulkan charxpalakning eng kattasi bo’lib, uning yordamida bog’ning yuqori qismi sug’oriladi. Asaka Cho’ntagi atrofga nisbatan ancha baland. Shuning uchun bu joy yoz pallasida xushhavo, orombaxsh maskanga aylanadi. Tumanning barcha qishloqlarida obodonlashtirishga e’tibor kuchaytirilgan. Qishloqlar va mahallalar markazida savdo va maishiy xizmat shoxobchalariga ega bo’lgan guzarlar tashkil qilingan. 1999/2000 o’quv yilida 51 umumiy ta’lim maktabida 37,6 ming o’quvchi, 1 gimnaziyada 205 o’quvchi, 2 akademik litseyda 360 o’quvchi ta’lim oldi. 1999 yilda Asaka qishloq xo’jaligi kolleji (300 o’quvchi), 2000 yilda Asaka ijitmoiy-iqtisodiyot va pedagogika kolleji (600 o’quvchi) ishga tushirildi. 500 ommaviy kutubxona, 15 klub, 4 kino-qurilma, madaniyat uyi, muzey, 885 o’rinli 4 kasalxona va dispanser, 4 tibbiyot punkti bor (2000). 1930 yildan «Asaka hayoti» tuman gazetasi chiqadi (adadi 2900). Tilavoldi Yoqubov.