ASAKAOVDON
ASAKAOVDON — Ustyurt platosining Janubdagi tektonik botiq. Shimda Markaziy qirlar (Qorabovur qirlari) va Janubda Ustyurt ko’tarilmalari (Qoplonqir qirlari va uning G’arbdagi davomi) o’rtasida joylashgan. Geologik jihatdan Asakaovdon bukilmasi o’rniga mos keladi. Asakaovdonda paleozoy jinslari 5000 metr chuqurlikda joylashgan. Shimoliy yon bag’rida Shoxpaxti va shimol Asakaovdon strukturalari mavjud. Shoxpaxti strukturasida quyi yura yotqiziqlari quyi triasning argillit va ohaktoshlari ustida joylashgan. Yura va bo’r davri yotqiziqlari qumtosh, gravelit, gil, ohaklashgan qumtosh, angidritdan iborat. Yuqori bo’rning yotqiziqlarida mergel va ohaktosh ham bor. Paleogen yotqiziqlari gilli alevrolit, neogenda sarmat yarusi (yuqori miosen) ga oid ohaktosh, mergel va qumtoshlar kengroq tarqalgan. Apsheron yotqiziqlari (pliosen), shag’al va konglomeratdan iborat. Asakaovdon usti qadimgi delyuvial-prolyuvial va yoshroq ko’l-allyuvial yotqiziklari bilan band. Asakaovdonning uzunligi g’arbdan sharqqa qariyb 90 kilometr, eni 20 — 40 kilometr. Tubining mutlaq balandligi 30 dan 60 metrgacha. Maydoni 5600 kilometr kvadrat. Janub qismi biroz ko’tarilgan. Shimol qismi esa pastroq. Asakaovdon tubining o’rtaroq qismidagi zamini toshloq, gipslashgan marza botiqni ikkiga bo’lib turadi. Botiqlar tubida qoldiq do’ngliklar bor. Pastqamliklar ko’l-allyuvial yotqiziqlar bilan band. Shamol harakati natijasida turli relyef shakllari hosil bo’lgan. Aning yon bag’irlari chuqur o’zanlar bilan o’yilgan. Asakaovdonda grunt suvlari atrofdagi kir va tekisliklarda vujudga kelib, botiq tomon oqim hosil keladi. Minerallashuv darajasi har l da 60 — 100 grammni tashkil qiladi. Sariqamish botig’idagi ko’lning sathi ko’tarilib borayotganligi sababli Asakaovdon grunt suvlari sathi ham Sharqiy qism (Sho’rja botig’i) da ko’tarilib bormoqda. Asakaovdonning Janub toshloqli va marzali qismining tuprog’i gipslashgan bo’z qo’ng’ir tuproq, pastqamliklarda taqirlar, sho’rxoklar bor. Asakaovdonning Sharqiy va Markaziy hududlarida qorasaksovulzor va shoxilakzorlar keng tarqalgan, do’ngliklarda yulg’un, qumliklarda juzg’un, selin, qum akasiyasi (quyonsuyak) o’sadi. Shoxpaxti strukturasida tabiiy gaz konlari bor.