ASFALT-BETON ARALASHTIRGICH

ASFALT-BETON ARALASHTIRGICH — qum, chaqiq tosh, mineral kukun va bitumdan asfalt-beton hamda bitum-mineral aralashmalar tayyorlaydigan qurilma. Qum va chaqiq toshni quritadigan va zarur temperaturagacha qizdiradigan quritish barabani, quritilgan qum va chaqiq toshni saralaydigan hamda bitum bilan qorishtiradigan aralashtirish agregatidan iborat. Mineral kukunni vertikal va gorizontal sxema bo’yicha harakatlantiradigan, davriy va uzluksiz aralashtiradigan xillari bor. Quritish barabanida quritilgan va qizdirilgan qum va chaqiq toshni kovshli elevator g’alvirga uzatadi, mineral kukun alohida bo’lmaga tushadi. O’lchami to’g’ri kelmaydigan (yirik) toshlar g’alvirdan nov bo’ylab chiqib ketadi. Mineral kukunning har qaysi guruhi tarozida tortilib aralashtirgichga tashlanadi. Tayyor aralashma transport vositalariga solinib qurilishga olib ketiladi.