ASFANDIYORXON
ASFANDIYORXON (Isfandiyorxon) (? – 1643) – Xiva xoni (1623-43), Arab Muhammadxonning o’g’li. Eron shohi Abbos I homiyligida, turkmanlar yordami bilan ukasi Elbars (Ilbars) Sultonni taxtdan ag’darib, 1623 yil Xivada xonlik taxtiga o’tirdi. U turkman zodagonlariga tayanib ish yuritdi. Eron davlati qo’liga o’tib qolgan Janubiy Turkmanistonni Xiva xonligiga qo’shib olishga intildi, ammo 1628 yilda Safaviylar qo’shinidan yengildi. 17-asrning 30-40-yillarida Buxoro va Rossiya savdo karvonlariga zarar yetkazayotgan qalmoqlarga qarshi qattiq kurash olib bordi; qalmoqlarga qarshi ittifoq tuzish maqsadida Moskva bilan muzokaralar yuritdi. Arab Muhammadxonni o’ldirishgani uchun ukalari Habash Sulton bilan Elbars Sultonni qatl etib, ularga yordam bergan Xorazmdagi Uyg’ur va Nayman qabilalarining chorva mollarini tortib oldi va ularga qarshi qirg’in uyushtirdi. Asfandiyorxon davrida tarqoqlik va zulm kuchaydi. Bundan foydalangan yirik mulkdorlar o’z vakillaridan biri Abulg’oziyni Asfandiyorxonga qarshi qo’ydilar. Natijada 1643 yil Abulg’oziy xon qilib ko’tarildi. Xuddi shu yili Asfandiyorxon vafot etdi. Oradan 2 yil o’tgach, Abulg’oziy Bahodirxon Xivada taxtga o’tirdi.
ASFANDIYORXON (?-1918) – Xiva xoni (1910-18). Otasi Muhammad Rahimxon II vafotidan so’ng rus podsho hukumatining yordami bilan taxtga chiqdi (1910). 1910, 1914 yillari Peterburgda bo’ldi. Asfandiyorxon davrida ma’rifatparvar vazir Islomxo’ja tashabbusi bilan Xiva va boshqa shaharlarda pochta-telegraf, kasalxona, ikki madrasa va yangi tipdagi maktablar, hatto rus maktablari qurilddi. Asfandiyorxon Islomxo’jani xazinadagi mablag’ni behuda sovurishda ayblab qatl etdi (1913), Asfandiyorxon butun yerlarni qayta o’lchatib, mehnatkash xalqqa og’ir soliqlar soldi. Uning zulmiga qarshi 1915 yil Mang’itda, 1916 yil yanvrda Xo’jaylida xalq chiqishlari bo’lib o’tdi. 1905-07 yillarda tashkil topgan «Yosh xivaliklar» tashkiloti 1917 yil Fevral inqilobidan so’ng oshkora ish boshladi. Bu tashkilot 1917 yil 5 Aprelda xonni burjua islohoti o’tkazish haqidagi manifestga qo’l qo’yishga majbur etdi. Shu tariqa xon boshliq konstitutsion monarxiya tuzildi. Davlatni idora etuvchi «Idorai mashvarat» tashkil topdi. Lekin islohot mehnatkashlar ahvolini yaxshilamadi. Asfandiyorxon ko’p o’tmay «Idorai mashvarat»ni tarqatib, yana mustabid hokimiyat o’rnatdi. Asfandiyorxon 1918 yil 22 yanvarda yuqori martabali amaldorlar va din ahllari ishtirokida davlatni birga boshqarish hamda bolsheviklarga qarshi kurashish uchun Junaydxon bilan Xivada muzokara olib bordi. Natijada Asfandiyorxon Junaydxonni qo’shin boshlig’i (sardori Karim) etib tayinlab, hokimiyatni unga topshirdi. Oradan ko’p o’tmay, Junaydxon hokimiyatni butunlay qo’lga olish uchun Asfandiyorxonni yashirin ravishda o’ldirtirdi. Junaydxon taxtga o’z ta’siridagi Said Abdullaxonni o’tqazdi.