ASOS
ASOS — mantiqiy tafakkurning muhim shakli hisoblangan xulosa chiqarishning tarkibiy qismlaridan biri. Chinligi amaliyotda tekshirilgan va isbotlangan ma’lum fikrni ifodalaydi. Undan noma’lum fikrni — xulosani keltirib chiqarish uchun foydalaniladi. Induktiv xulosa chiqarishda Asos miqdori chegaralanmagan bo’lib, tayin bilimlarni ifodalaydi va umumiy xulosa keltirib chiqarish uchun xizmat qiladi. Deduktiv xulosa chiqarishda, aksincha Asos sifatida umumiy bilimlardan foydalaniladi va ular tayin bilimlar haqida xulosa chiqarishga xizmat qiladi. Deduktiv xulosa chiqarishda Asosning miqdori chegaralangan bo’ladi. Mantiqiy tafakkurning isbotlash shaklida esa Asos dalil, argument shaklida keladi va isbotlanishi lozim bo’lgan tezisni asoslash uchun keltiriladi. Asosning chinligi xulosa yoki tezisning chin bo’lishi uchun muhim shartlardan biridir, lekin bundan tashqari hukmlar bir-biri bilan to’g’ri bog’langan va tartib bilan keltirilgan bo’lishi lozim. Aks holda to’g’ri Asosdan noto’g’ri xulosa chiqishi mumkin. Umuman ilmda, turmushda, har qanday munozara va muhokamada, biror fikrni isbotlash yoki biror xulosaga kelish uchun foydalaniladigan fikr Asos deb yuritiladi.
ASOS (matematika) — 1) geometriyada — geometrik shakllar qismi. Masalan, teng yonli uchburchak, trapesiya, piramida, prizma, konus Asoslari, perpendikulyar Asos va hokazolar; 2) algebrada — daraja asosi, ya’ni darajaga ko’tarilayotgan son.