ASTRAXON VILOYATI

ASTRAXON VILOYATI – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. Quyi Volga bo’yida, Janubiy qismi Kaspiy dengiziga tutashadi. Astraxon viloyati 1943 yil 27 dekabrda tashkil etilgan. Maydoni 44,1 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1014 ming kishi (1999), asosan, ruslar; qozoq, tatar va ukrainlar ham yashaydi. Astraxon viloyatida 11 ma’muriy tuman, 5 shahar, 13 shaharcha bor. Markazi — Astraxon shahri. Astraxon viloyati Kaspiy bo’yi pasttekisligidagi chala cho’llar, Volga-Axtuba qayiri va Volga daryosi deltasini o’z ichiga oladi. Astraxon viloyati hududida sho’rxoklar, sho’r ko’llar hamda qum tepaliklari bor. Sho’r ko’llardan eng yirigi Bosqunchoq ko’lidir. Iqlimi keskin kontinental va juda quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda — 10°, Janubda -6°, iyulniki esa shimolda 24° va Janubda 25°. O’rtacha yillik yog’in 200 millimetr. Eng yirik daryosi Volga va uning tarmogi Axtuba. Tuproqlari och kashtan sho’rtob va qo’ng’ir tuproqlar. Boshoqlilar, shuvoq, sho’ra, o’tloq o’simliklari o’sadi. Sayg’oq, turli kemiruvchilar, sudraluvchilar, hasharotlar yashaydi. Volgada 50 dan ziyod baliq turi uchraydi. Neft, gaz, tuz, gips kabi foydali kazilmalar bor. Volga deltasida Astraxon qo’riqxonasi tashkil qilingan. Astraxon viloyatida oziq-ovqat (baliq, go’sht, tuz), mashinasozlik, shuningdek yog’ochsozlik va tsellyuloza qog’oz sanoati, sabzavotchilik, polizchilik, chorvachilik rivojlangan. Yetakchi sanoat tarmoqlari — taxta tilish, yog’ochsozlik va tsellyuloza-qog’oz sanoati. Kimmatbaho osyotr va chastik baliqlari ovlanadi. Astraxondagi baliq-konserva korxonalarida baliq qayta ishlanadi. Astraxon viloyatida Rossiyada eng yirik bo’lgan Bosqunchoq tuz korxonasi ishlab turibdi. Astraxon viloyatida metallsozlik, kemasozlik va kema tuzatish sanoati korxonalari, ko’n zavodi va mo’yna fabrikasi mavjud. Qamish plitalar ishlab chiqaruvchi zavod bor. Bug’doy, kuzgi javdar, yem-xashak, poliz ekinlari ekiladi. Chorvachilikda go’sht-jun qo’ychiligi va go’sht-sut qoramolchiligi rivojlangan. Transportda etakchi o’rinni dengiz transporti egallaydi. Volga va uning o’ng tarmog’i Baxtemir daryo transportida muhim ahamiyatga ega. Astraxon viloyati temir yo’l orqali Rossiyaning boshqa rayonlari bilan bog’langan.