ASTRODINAMIKA

ASTRODINAMIKA — osmon mexanikasining bo’limi. Yerning sun’iy yo’ldoshi, kosmik kema, sayyoralararo stansiya va kosmik apparatlarning harakat nazariyasini o’rganadi. Astrodinamikani ba’zan «kosmodinamika», «osmon ballistikasi» deb ham atashadi. Har qanday sun’iy kosmik kemani bir orbitadan ikkinchisiga o’tkazish, optimal orbitalar topish, uni ma’lum yulduzlarga nisbatan orientirlash kabi qator muhim masalalar ham Astrodinamikada ishlab chiqiladi. Sayyoralararo uchishda Astrodinamikaning asosiy vazifasi kosmik apparat traektoriyasini oldindan aniq hisoblab chiqishdir. U oy va sayyoralarga parvoz qiladigan kosmik apparatni qachon, qanday tezliklarda va qaysi tomonga uchirish kerakligini, shart-sharoitga qarab eng qulay va optimal traektoriyani oldindan ko’rsatib beradi. Astrodinamika Oy va sayyoralarning sun’iy yo’ldoshlarini loyihalash ishlari bilan ham shug’ullanadi.