ASTRONOMIK SOATLAR

ASTRONOMIK SOATLAR – astronomik kuzatishlarda qo’llaniladigan aniq va xatosiz yuradigan soatlar. Vaqtni katta aniqlik bilan bilish astronometriyada va amaliy astronomiyaning bir necha bo’limlarida juda zarur hisoblanadi. Qadim zamonlardan to 15-asrgacha astronomiya va boshqa ehtiyojlar uchun quyosh, qum va suv soatlaridan foydalanib kelingan. Mexanizmli soat astronomiyada birinchi marta 1484 yilda qo’llanilgan. 1647 yilda Gyuygens (Gollandiya) mayatnikli soatlarni ixtiro qilgandan so’ng ular astronomiyaga ham joriy etildi. Bunday soatlardan 20-asr o’rtalarigacha astronomik rasadxonalarda foydalanib kelindi. Dengizda suzish va aviatsion astronomiyada mayatnikli soatlardan foydalanib bo’lmaslik xronometrii ixtiro etishga olib keldi. Uning aniqligi mayatnikli soatlarnikidan kam. Eng ko’p tarqalgan mayatnikli Astronomik soatlar «Rifler», «Short», «Etalon» soatlarini ko’rsatish mumkin. 20-asr 40-50-yillarida astronomiyada kvars soatlari va keyinroq atom soatlari qo’llanila boshlandi. Mayatnikli soatlarda tebranish davrining o’zgarmas bo’lishini mayatnik bajarsa, kvars soatlarida kvarsdan tayyorlangan plastinkaning pezoelektrik tebranishi, atom yoki molekulyar soatlarda esa atomlarning molekuladagi harakati (masalan, azot atomining ammiak molekulasidagi davriy tebranishi) boshqaradi. Atom soatlarining anikligi 10~9 — 10~ sekund. Atom soatlarining 00 soat 00 minut 00 sekundi joylardagi har bir sutkaning boshlanishiga aniq mos tushishi shart. Bu masala osmonda oddindan tanlab olingan bir necha o’n yulduzning joylardagi meridiandan o’tish vaqtini maxsus passaj asbobi yordamida aniqlab hal etiladi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya institutida yuqorida nomlari keltirilgan soatlarning har qaysisidan bor. Ulardan «o’z vazifasini bajarib» bo’lganlarining noyoblari mazkur institutda tashkil etilgan muzeyda saqlanmoqda. Abdusalom Latipov.