ATIR
ATIR (Arabcha — xushbo’y) — xushbo’y o’simliklarning guli, bargi, ildizidan yoki ba’zi hayvonlar bezlaridan olinadigan moddalarning spirtdagi eritmasi. Atir dastlab Sharq mamlakatlarida tarqalgan. U zamonlarda Atir turli gul moylaridan olinib, mushk va anbarlar aralashtirib tayyorlangan. Qadim zamonlarda (miloddan avvalgi 5000 — 2000 yil) ham Atir ishlatilganligi ma’lum. Hozir Atir sun’iy usulda sintez qilingan har xil xushbo’y moddalardan ham ishlab chiqarilmoqda. Gultojbarg yoki o’simlik ildizidan efir moyi olish uchun u maxsus germetik qozonda ekstraktsiya qilinadi va Atir kompozisiyasi (efir moyi bilan xushbo’y modda aralashmasi) tayyorlanadi. Har bir Atir uchun o’ziga xos «hid» (bo’y) tanlanadi. Tuzilgan kompozisiya yuqori darajada tozalangan etil spirtda eritilib, emallangan berk idishlarda 12 kungacha saqlanadi. So’ngra filtrdan o’tkazilib, flakon shishachalarga quyiladi. A’lo sifatli Atirda 10-12%, o’rtachasida 5% xushbo’y modda bo’ladi. Toshkent atir-upa fabrikasida boshqa davlatlardan tayyor kompozitsiyalar olib ishlatiladi yoki efir moylari keltirilib, kompozitsiya shu yerda tayyorlanadi.