AVIAMODELCHILIK

AVIAMODELCHILIK (avia… va lotincha modulis — o’lchov) — uchish apparati modellarini yasash va uchirish. Aviamodelchik yoshlar texnik ijodi turlaridan biri. Uchmaydigan (geometrik shakli o’xshatiladigan tarixiy yoki zamonaviy samolyot nusxasi) va uchadigan modellar bilan shug’ullanadigan xillari bor. Uchadigan model uchish tarzi, o’lchami, dvigatelining turiga qarab erkin uchadigan, kordli va radio bilan boshqariladigan turlarga bo’linadi. Erkin uchadigan modellar planerlar, rezina motorli, taymerli xillarga bo’linadi. Planer modeli motorsiz uchish apparati bo’lib, havo oqimida varrakka o’xshash uchiriladi. Rezina motorli modellarda tortish kuchini havo vinti (parrak) vujudga keltiradi. Parrakni rezina motor harakatlantiradi. Taymerli modelning uchishini maxsus mexanizm — taymer cheklaydi. Kordli modellarni modelchi-uchiruvchi kord iplari yordamida boshqarib uchiradi. Radio bilan boshqariladigan modellar bortiga o’rnatilgan radioapparaturaga yerdan yuboriladigan signallar yordamida boshqariladi. O’zbekistonda Aviamodelchik sporti, ayniqsa, 20-asr o’rtalaridan rivojlandi. Maktab, bolalar uyi, o’quvchilar saroyi, klublarda Aviamodelchik to’garaklari bor. Shahar va tuman aeroklublarida, yosh texniklar stansiyalarida Aviamodelchik kabinetlari tashkil qilingan.