AVIATSIYA DVIGATELI

AVIATSIYA DVIGATELI – uchish apparatlari (samolyot, vertolyot va boshqalar) ni harakatlantiruvchi issiqlik dvigateli. Birinchi Aviatsiya Dvigateli bug’ dvigateli edi; u 1885 yilda A. F. Mojayskiy samolyotiga o’rnatiddi. Keyingi Aviatsiya Dvigateli barcha mamlakatlarda ichki yonuv dvigateli asosida loyihalana boshladi. Keyinchalik asosiy Aviatsiya Dvigateli sifatida yengil dvigatel deb hisoblangan, benzin bilan ishlaydigan Aviatsiya Dvigateli ishlatildi. 20 asr 40-yillaridan keyin gaz turbinasi va reaktiv dvigatelga o’tildi. Aviatsiya Dvigateli havo vintining aylanishidan tortish kuchi hosil kiluvchi vintli, tortish kuchi reaktiv soplodan katta tezlik bilan chiqayotgan ish gazlaridan hosil bo’ladigan reaktiv, asosiy tortish kuchi havo vinti bilan va qo’shimcha (8-12%) yonish mahsulotlari oqimi hisobiga hosil qilinadigan turbovintli xillarga bo’linadi. Vintli Aviatsiya Dvigateli o’z navbatida porshenli va turbovintli dvigatelga bo’linadi. Uchish paytida turbovintli dvigatelga kirayotgan havo bosim bilan diffuzor (kirish qurilmasi) da, keyin kompressor 2 da siqiladi, siqilgan havo kompressordan yonish kamerasi 3 ga o’tadi. Bu yerga nasos forsunka orqali yonilg’i purkaydi. Yonishdan hosil bo’lgan gazlar turbina soplosi 5 ga yo’nalib, unda atmosfera bosimidan sal oshiqroq holatgacha kengayadi va tezligi oshadi. Soplodan chiqqan gazlar turbina 4 parraklariga urilib, unga havo vinti 6 ta kompressorni harakatlantirish uchun yetarli energiya beradi. Havo vinti optimal aylanishlar sonida aylanishi uchun dvigatel va havo vinti o’qlari orasiga reduktor o’rnatiladi. Porshenli Aviatsiya Dvigateli eng yaxshi takomillashgan samolyotga 750 kilometr soat gacha tezlik bera oladi. Porshenli Aviatsiya Dvigateli tezligi katta bo’lmagan, ya’ni 200-500 kilometr soat tezlikda uchadigan samolyotlarga, turbovintli Aviatsiya Dvigateli esa 500-800 kilometr soat tezlikda uchadigan samolyot va vertolyotlarga o’rnatiladi. 2-jahon urushi oxirlarida paydo bo’lgan birinchi turboreaktiv dvigatellar samolyot tezligini 960 kilometr soat gacha oshirishga imkon berdi. Turboreaktiv Aviatsiya Dvigatelida yonish kamerasiga forsunka orqali suyuq yonilg’i purkaladi, kompressor bilan esa havo beriladi. Yonilg’i yonganda kamerada bosim ortadi, qizigan gaz oqimlari soplo orqali o’tib, gaz turbinasi parraklariga intiladi va turbinani aylanishga majbur qiladi. 60-yillarning ikkinchi yarmidan tik uchadigan va qo’nadigan samolyotlar uchun ancha yengil turboreaktiv Aviatsiya Dvigateli yaratiddi. Turboreaktiv va turbovintli Aviatsiya Dvigateli asosida ikki konturli turboreaktiv Aviatsiya Dvigateli ishlab chiqildi. Bunday dvigatel tovush tezligidan sekin uchadigan samolyotlarda qo’llanilib, undagi yonilg’i sarfi turboreaktiv va turbovintli Aviatsiya Dvigatelinikiga nisbatan kam. Tovush tezligidan sekin va tez uchadigan samolyotlarning sxemalari turlicha bo’ladi. Tovush tezligidan tez uchadigan samolyotlardagi turboreaktiv Aviatsiya Dvigatelida havo va gazning temperaturasi ancha yuqori bo’ladi. Unda uchuvchini dvigatelni boshqarishdan ozod qiladigan Avtomat tizim bor. Uchish balandligidan qat’i nazar yonilg’i bosimi, gazlarning kirish oldidagi temperaturasi va boshqa parametrlar risoladagidek tutib turiladi. 90-yillarda Aviatsiya Dvigatelining tubdan yangi xillari yaratilgani yo’q, ba’zi tuzilmaviy o’zgarishlar qilindi.