AVIATSIYA QUROLLARI
AVIATSIYA QUROLLARI – harbiy samolyotlar va boshqa harbiy uchish apparatlariga o’rnatiladigan qurol-aslahalar va ularni qulay ishlatish imkonini beradigan uskunalar. Aviatsiya qurollari samolyotlarga o’rnatiladigan qurollarning barcha turlarini, ularni mustahkam o’rnatadigan vositalarni boshqarish, nishonga olish, bomba tashlash uskuna va moslamalarini, hisoblash uskunalari, aviasiya aslahalari va bir marta ishlatiladigan boshqa aslahalarni, maxsus yuklarni osadigan va yuk tashlaydigan uskunalarni o’z ichiga oladi, shuningdek samolyotlar va boshqa uchish apparatlarida bajariladigan o’quv mashqlarida ishlatiladigan apparatlar, shatakka olinadigan nishonlar, desant uskunalari ham Aviatsiya qurollari hisoblanadi. Qo’llaniladigan o’qdori xillariga qarab quyidagi turlarga bo’linadi: raketa, zambarak pulemyot, bombardimonchi va maxsus Aviatsiya qurollari Raketalar hozirgi zamon samolyotlarining eng asosiy quroli hisoblanadi, ularning boshqariladigan va boshqarilmaydigan xillari bo’ladi. Zambarak va pulemyotlar maxsus moslamalar bilan ta’minlanadi. Turli aviasiya bombalari, bomba kassetalari va torpedalar, ularni saqlovchi va tashlovchi uskunalar dushman ob’ektlarini bombardimon qilishda xizmat qiladi. Tutun purkovchi, signalmo’ljallash vositalari, shuningdek turli-tuman maxsus yuklarni tashlovchi moslama-uskunalar maxsus Aviatsiya qurollari hisoblanadi. Yadro va kimyoviy qurollar ham ba’zan maxsus Aviatsiya qurollari qatoriga kiritiladi. Hozirgi zamon Aviatsiya qurollari mexanika, radiotexnika, elektron, optik asbob va qurilmalarning murakkab majmuidan iborat. Aviatsiya qurollari avtomatlashtirilgan va elektrlashtirilgan.